Deputat fikri
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi 7 ta ustuvor yo‘nalish, 94 ta maqsadlarni mujassam etgan strategik hujjatdir. Farmonning qabul qilinishi so‘nggi yillardagi islohotlarning natijasi o‘laroq yaratilgan “Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat” g‘oyasining zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslarining davomi bo‘ladi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston ekologik partiyasi fraksiyasi tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar, takliflar ham loyihada o‘z aksini topmoqda. Ya’ni, “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 7 ta ustuvor yo‘nalishdan biri sifatida umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topishga e’tibor qaratilmoqda.
Ya’ni, unda aholi salomatligi va genofondiga ziyon yetkazadigan mavjud ekologik muammolarni bartaraf etishga urg‘u berilgan. Bunda xalqaro maydonda atrof-muhitga oid tashabbuslar, shu jumladan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqishni ilgari surish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada atrof-muhitning ifloslanish darajasini baholash mexanizmlarini takomillashtirish, atrof-muhitni kuzatish, uning ifloslanish darajasini prognoz qilish, davlat ekologik nazoratini doimiy axborot bilan ta’minlash, ifloslantiruvchi manbalarning holati va atrof-muhitga ta’siri ustidan monitoringni amalga oshirish va respublika hududida amalga oshirilayotgan xo‘jalik va boshqa turdagi faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash yuzasidan davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishni taklif etilishi ham iqlim o‘zgarishlariga inson ta’sirini kamaytirishga qaratilganligi bilan muhimdir.
Shuningdek, loyihada ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, shahar va tumanlarda ekologik ahvolni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish yo‘nalishlarida ham maqsadli parametrlar belgilab berilmoqda. Jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yil kamida 200 million tup daraxt ekish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi tashabbuslariga mos tarzda respublikaning 10 ta hududida aerobiologik monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish vazifalari qo‘yilgan. 2026 yilga qadar maishiy chiqindilarni yig‘ishni 100 foizga va ularni qayta ishlash darajasini 21 foizdan 50 foizga yetkazish bilan sohadagi muammolarning yechimi topiladi.
Respublikamizdagi yer usti tabiiy suv ob’ektlari (daryolar, kichik daryolar va tabiiy ko‘llar)ning 51 tasida sanitariya-muhofaza zonalari va sohil bo‘yi mintaqalarini belgilash ishlarini yakunlash ham belgilanmoqda. E’tiborlisi, Toshkent shahrini ko‘kalamzorlashtirish darajasini 2022 yilda 15 foizga va 2023 yilda 30 foizga yetkazish rejasi ham shu farmon bilan belgilab berilmoqda. Qolaversa, shahar va tuman markazlarida har 50-100 ming aholi uchun “jamoat parklari”ni tashkil etilishi, albatta, keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olinadi, desak xato bo‘lmaydi.
So‘nggi yillarda ekologik muammo va iqlim o‘zgarishi sharoitida dunyo hamjamiyatining diqqat markazida bo‘lgan Orol dengizining qurigan tubida qo‘shimcha 500 ming gektar yashil maydonlarni barpo etish orqali 2026 yil yakuniga qadar ularning umumiy hajmi 2,5 million gektarga yoki hududning 78 foiziga yetkazish bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqada ekologik barqarorlik tiklanishiga erishish ta’minlanadi. Hududda Orolbo‘yida xalqaro “Yashil iqlim” va Global ekologik jamg‘armalarning bioxilma-xillik, iqlim o‘zgarishi va tuproq yemirilishining oldini olishga qaratilgan dasturlari asosida 300 million AQSH dollari qiymatidagi loyihalarni amalga oshirish rejasining o‘zi ham ekologik muammolar bugungi kunning dolzarb masalasi ekanini tasdiqlab turibdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Taraqqiyot strategiyasi loyihasida barcha maqsadlar inson qadri uchun tamoyiliga asoslanganligi, insonlarga sog‘lom turmush sharoiti, toza ekologik muhitni yaratishga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Shunday ekan, loyihaning ijroga qaratilishi insonlarni rozi qilish, farovon hayot va farzandlarimiz uchun obod Vatan qoldirishdagi qadam bo‘lishi muqarrar.
Muxtorjon HOJIMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati
O‘zA