Mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalari tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, atrof-muhit muammolariga texnologik va tadbirkorlik yechimlarini taklif etuvchi “yashil” startaplar yo‘nalishi bugungi kunda talaba-yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otyapti.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilgan galdagi tadbir ham shu kabi “yashil” startaplar va ekologik muammolar yechimlariga bag‘ishlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bu амалий tadbirlar, mahorat saboqlari va muloqot maydonlari yoshlarning g‘oyalarini rivojlantirish, ularni biznes loyihalarga aylantirish hamda ekologik muammolarni hal etishda faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Tadbirda aytib o‘tilganidek, startap yaratish jarayoni avvalo muammoni aniqlash va uning dolzarbligini chuqur tahlil qilishdan boshlanishi lozim. Ekologik masalalarni hal etishga qaratilgan g‘oyalar ilmiy izlanishlar bilan uyg‘unlashgan holda nafaqat amaliy ahamiyat kasb etadi, balki innovatsion biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

– Mazkur uchrashuv nafaqat nazariy bilim, balki amaliy ko‘nikmalar bergani bilan qimmatli. Eng muhimi, talaba-yoshlar startap ekotizimining haqiqiy ishtirokchilari bilan yuzma-yuz muloqot qilish, o‘z g‘oyalarini sinab ko‘rish va ularni qanday qilib real biznesga aylantirish mumkinligini amaliyotda ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi. Bugun bu yerda aytilgan har bir fikr, har bir maslahat yoshlarimizning ertangi muvaffaqiyatli startaplari poydevori hisoblanadi. Ekologik muammolar esa bugungi kunda butun insoniyat oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib, aynan yosh tadbirkorlar bu sohada zarur yechimlarni taklif qila oladi, – dedi universitet o‘qituvchisi Ulug‘bek Kamoliddinov.
Tadbir yakunida faol talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA