Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik muammolar bolalar nigohida
17:56 / 2025-07-07

Bugungi kunda atrof-muhitni asrash, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish nafaqat kattalar, balki bolalar uchun ham dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Chunki bolalar tabiatdagi har bir o‘zgarishni qalban his qiladi, ko‘zlari bilan ko‘radi va o‘z ichida mehrni ham, xavotirni ham tuyishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 maydagi “2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab bolalar oromgohlarida ekologik targ‘ibot tadbirlarini muntazam o‘tkazilishi ham bejiz emas. 

Boisi ekologik muammolarga bolalarning nigohidan qarash – bu masalaga begunoh, samimiy va qalbdan kelib chiqqan qarashni anglatadi. Ular o‘ziga xos soddalik bilan savol beradi: “Nega daraxtlar kesilyapti?”, “Nega havo kir?”, “Nega dengizdagi baliqlar o‘lib qolyapti?”. Bu savollar ortida katta hayotiy masalalar yotibdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Jizzax viloyat Kengashi tomonidan Sharof Rashidov tumanidagi "Yulduzcha" bolalar oromgohida “Ona tabiatni asraylik” mavzusida o‘tkazilgan ekologik tadbirning asosiy maqsadi — jamoatchilik, ayniqsa, yosh avlod ongida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish kabi ma’naviy qadriyatlarni shakllantirish, ekologik madaniyatni oshirish, mavjud muammolarga jamoaviy yechim topishga bo‘lgan faollikni kuchaytirishdan iborat.

Tadbir davomida oromgoh tarbiyalanuvchilariga tabiat, uning bebaho ne’matlari va ularni asrab-avaylash zarurati haqida sodda va ta’sirchan tarzda tushunchalar berildi. Shuningdek, ekologik tarbiyani mustahkamlash maqsadida yoshlar o‘rtasida rasm chizish tanlovi ham tashkil etildi.

Tanlov ishtirokchilari o‘z suratlarida tabiat manzaralari, ekologik muammolar va ularni bartaraf etish g‘oyalarini rang va shakllar vositasida ifodalashdi.

Tadbir yakunida faol ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Nigora Rahmonova, O‘zA