Sanoat sohasida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. “O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida ushbu yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarish jarayonlarida suv va energiya resurslarini tejash, chiqindilarni kamaytirish va ularni qayta ishlash choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida jami 8,2 milliard so‘mlik 58 ta tadbir amalga oshirilishi natijasida atmosferaga tashlanmalar 6,5 ming tonnaga kamaytirildi. 399 tonna chiqindi hosil bo‘lishining oldi olindi, 15 800 tonna chiqindi utilizatsiya qilindi, 33000 metr kub ichimlik va 277000 metr kub artezian suvi iqtisod qilindi, suv tashlamalari 135000 metr kubga hamda toksik tashlamalar 1700 tonnaga kamaydi.
Shu bilan birga “O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida muntazam monitoring ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Bu jarayon doimiy ravishda havo, suv, tuproq hamda chiqindilarning tarkibi va ta’sirini nazorat qilish orqali amalga oshiriladi. Monitoring orqali zararli moddalarning miqdori, ularning me’yordan oshish holatlari va chiqindilar oqibatida yuzaga keladigan ekologik xatarlar barvaqt aniqlanadi.

Jamiyat axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganovning ma’lum qilishicha, monitoring jarayonlari korxonalarda faqat normativ talablarni bajarish uchun emas, balki ekologik xavflarni oldindan aniqlash, sog‘lom ish muhitini ta’minlash va aholi salomatligiga bo‘lgan ehtiyot chorasi sifatida ham faol amalga oshirilmoqda.
- Bundan tashqari, ushbu ma’lumotlar tegishli davlat tashkilotlariga taqdim etib boriladi. Bu esa ekologik shaffoflikni ta’minlaydi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish va mamlakatimizni yashil hududga aylantirish maqsadida amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunga qadar bahor mavsumida tarmoq korxonalarida 30 gektar yerga jami 491,6 ming dona, shu jumladan, korxonalarda 367 ming dona hamda rahbar va ishchi xodimlar xonadonlarida 124,6 ming dona namunaviy ravishda manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekildi. 5 gektardan ortiq yerda “yashil belbog‘ʻ”lar yaratildi. Katta avtomobil yo‘llarining chetlariga 10 qatordan manzarali daraxtlar ekildi va tomchilab sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi, - dedi H.To‘laganov.
Shuningdek, ekilgan daraxtlarni parvarishlash va ularning unib-o‘sishi uchun korxonalarda tomchilab sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas’ul shaxslar tayinlandi. Shu bilan birga ko‘chatlarni tomchilab sug‘orish tizimi bilan ta’minlashga ham e’tibor qaratilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA