Samarqandda O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi va tegishli vazirliklar hamkorligida davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining ekologik bilimlarini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv seminar o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 15 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi" asosida tashkil etilgan tadbirda partiya yetakchilari, ekolog olim va mutaxassislar tomonidan “Atrof-muhit muhofazasi davlat nazoratida: amaliy yondashuvlar va joylardagi muammolar”, “Aholining ekologik bilimlarini oshirishda xalqaro tajribalarni ommalashtirish”, “Ekologik huquqbuzarlik va ularning qonuniy asoslari” mavzularida ma’ruzalar qilindi.

– 2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasining asosiy maqsadi o‘sib kelayotgan yosh avlodda ekologik bilim, ong va madaniyatni shakllantirish hamda rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish, aholining barcha qatlamlarida ekologik madaniyatni, shu jumladan, “yashil” iste’mol madaniyatini yanada yuksaltirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Samarqand viloyat kengashi raisi Xo‘jaqul Muhammadiyev. – Binobarin aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda va har bir fuqaroning hayot faoliyatida ekologik ta’lim-tarbiya hamda madaniyatni uzluksiz yuksaltirib borish barqaror ekologik rivojlanishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Ammo aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish ishlari tizimli va uzviy tashkil etilmagan. Jamiyatda, oilada, mahallada, ta’lim muassasalarida, davlat organlarida ekologik madaniyatni yuksaltirishning uzluksiz mexanizmini takomillashtirishga ehtiyoj mavjud. Shu bois konsepsiyada belgilangan vazifalardan kelib chiqib, partiyamiz tomonidan jamiyatning barcha qatlami ekologik madaniyatini oshirish yuzasidan o‘quv seminarlar, mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Bugun davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining bu boradagi bilimlarini oshirish uchun ushbu o‘quv o‘tkazilmoqda.

Seminarda atrof-muhit muhofazasiga oid qonunchilik, fuqarolarning huquq va majburiyatlari, ekologik madaniyatni shakllantirishning omillari haqida atroflicha tushuncha berildi. Yurtimizda keyingi yillarda atrof-muhitni asrash va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish borasida hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, ushbu yo‘nalishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik haqida so‘z yuritilib, Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan loyihalarga e’tibor qaratildi.


Xususan, xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikda Samarqand shahrida chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etilayotgani qayd etildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bu yil viloyat bo‘yicha 16 million tupdan ortiq mevali, manzarali va butasimon daraxt ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilib, bahorgi mavsumda 11 million tup ko‘chat o‘tqazilgani va ayni paytda ko‘chatlar parvarishi, sug‘orish tizimlari mavjudligiga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari