Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik madaniyat oilada shakllanadi
15:30 / 2024-01-19

Insonlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish bugun avj olayotgan ekomuammolarni biroz bo‘lsa-da yumshatishga, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga xizmat qiladi. Ekologik madaniyat esa avvalo, oilada — bolalikdan shakllanadi.

Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayev, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, partiya va qo‘mita xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.  

Tadbirda ekologik muammo XXI asrning eng keskin, o‘ta dolzarb, insoniyatni eng ko‘p tashvishga solayotgan muammolardan biri ekanligi haqida so‘z yuritildi. Hatto umuminsoniyatga keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari bo‘yicha yadro halokatidan keyingi o‘rinda turishi ta’kidlandi.    

— Ekologik barqarorlikka erishishda, avvalo, barcha fuqarolar, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodda ekologik madaniyatni shakllantirish muhim, bunda esa xotin-qizlarning o‘rni beqiyosdir, — dedi A.Hamzayev. —  Biz ekologik madaniyatni yuksaltirish hakida juda ko‘p o‘ylayapmiz. Buning ildizi, birinchi navbatda, tabiatni asrash bilan bog‘liq ko‘p asrlik an’ana va qadriyatlarimiz, ma’naviy merosimizga sodiqlik, qonunlarga hurmat va itoat bilan qaraydigan fuqarolarni tarbiyalashdir. Sharqona qadriyatlarimizda oila muqaddas. Oilaviy tarbiyaning muhim tarkibiy qismlaridan bo‘lgan ekologik tarbiya yoshlarni har tomonlama kamol toptirish va uni faol hayotga tayyorlash uchun keng imkoniyatga ega. Oilada farzandlarimiz tarbiyasi ko‘proq onalarimiz, singillarimiz, kelinlarimiz, qizlarimiz zimmasida. Shu sababli ham biz oilalarda sog‘lom ekologik muhitni shakllantirishda onalar faolligini kuchaytirish orqali ekologik tarbiyani singdirish lozim deb o‘ylaymiz, — dedi partiya rahbari.  

O‘z navbatida, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi O.Parpiboyeva hududlarda partiya va qo‘mita vakillari ishtirokida oilalarda ekologik madaniyatni targ‘ib qilish va bu orqali mamlakatimizda ekologik barqarorlikka erishishga hissa qo‘shishdan mamnun ekanligini bildirdi.  

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish borasida xotin-qizlarning rolini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarda partiyadan saylangan 135 nafar ayol deputatlar faoliyat olib borayotgani, Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti”ga partiyadan saylangan 15 nafar a’zolarning 6 nafari xotin-qizlardan iborat ekanligi qayd etildi.  

Memorandum doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ham kelishib olindi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA