Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik kodeksni ishlab chiqish va qabul qilish – asosiy maqsad
12:28 / 2020-01-15

Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidagi g‘oyalar hamda O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yo‘lidagi keyingi qadam sifatida siyosiy maydonda yangi – O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkil etilishi mamlakatimiz tarixida alohida sahifa bo‘lib muhrlandi.


Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidagi g‘oyalar hamda O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yo‘lidagi keyingi qadam sifatida siyosiy maydonda yangi – O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkil etilishi mamlakatimiz tarixida alohida sahifa bo‘lib muhrlandi. 
Partiyaning vujudga kelishi O‘zbekistonning jahon hamjamiyati oldidagi nufuzini, imijini oshirib, davlatimizning ekologik masalalarga yuksak e’tibor qaratayotganining yaqqol namunasi bo‘ldi.

O‘tgan qisqa davr mobaynida partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy partiya tashkilotlari hamda 201 ta tuman va shaharlarda partiya bo‘limlari tashkil etildi, boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni esa 1200 tadan oshdi. Amalga oshirilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida bugungi kunda partiya a’zolari soni 247 ming nafarga yaqinni tashkil etmoqda, shundan 91 ming nafarga yaqini (39 foizi) xotin-qizlardan iborat.

Shuningdek, partiyaning yangi sayti ishga tushirildi, partiyaga elektron a’zo bo‘lish tizimi yaratildi, partiyaning ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari ochildi. Eng muhimi, partiya faoliyatiga xayrixoh bo‘lgan 57 ta vazirlik, idoralar va boshqa davlat organlari hamda oliy ta’lim muassasalari bilan ijtimoiy sheriklikka asoslangan memorandum va kelishuvlar imzolanib, ijrosi ta’minlanmoqda.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan amaliy tadbirlarni o‘tkazishga jiddiy e’tibor qaratildi. Hududlardagi barcha ekologik muammolar inventarizatsiya qilinib, ularning to‘liq ro‘yxati shakllantirildi. Jumladan, Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ko‘maklashish maqsadida partiya faollari tomonidan “Orolga madad” ekologik xayriya hasharlari tashkil etilib, 500 kilogrammdan ortiq saksovul urug‘i Orolbo‘yiga yetkazib berildi. Homiylarning amaliy ko‘magi asosida Xorazm viloyatining Bog‘ot, Shovot, Yangiariq tumanlaridagi ta’lim muassasalariga soatiga 500 litr suvni tozalaydigan va chuchuklashtirib beradigan suv tozalash uskunalari o‘rnatildi.

Yoz mavsumida jamoatchilikni atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga keng jalb qilish maqsadida “Biz toza Chimyon uchun” ekologik aksiyasi tashkil etilib, “Chimyon oromgohi” sog‘lomlashtirish majmuasi hududida maishiy chiqindilardan tozalandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida ekologik ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini ta’minlash maqsadida yozgi bolalar dam olish oromgohlarida va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida “Ochiq osmon ostida ekomaktab” mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi “Kemalar qabristoni”ning kirish yo‘lagiga hamda ushbu tumanning chekka hududlaridagi tibbiy muassasalarga quyosh kollektorlari va batareyalari o‘rnatildi.

O‘tgan bir yil davomida O‘zbekiston Ekologik partiyasi “Ishonch telefoni” samarali faoliyat olib bordi. “Ishonch telefoni”ga fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida sanoat korxonalarida jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunga qadar 7 ta yirik sanoat korxonasida jamoatchilik eshituvlari tashkil etildi. 

Vaziyatni xolis baholash uchun korxonalarga tutash hududlarda istiqomat qiluvchi aholi o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazish amaliyoti joriy qilindi. Jumladan, “Ammofos-Maksam” AJ, “O‘zikkilamchiranglimetall” AJ, “Toshkent truba zavodi” MJCh hamda “Agro-Pekin” MJCh faoliyatining korxonaga tutash hududlarida atrof-muhit va aholi salomatligiga ta’siri holatiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvlari o‘tkazildi. Bugungi kunda ularning nazorati amalga oshirilmoqda.

2019 yilning 17-22 oktyabr kunlari O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan O‘zbekistonda ilk bor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi, deb e’lon qilinishiga, Orol fojiasi haqiqatdan ham global miqyosdagi muammo ekanligiga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish maqsadida “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Mo‘ynoq shaharlarida xalqaro ekologik marafon o‘tkazildi. Unda 30 mingdan ortiq fuqaro faol ishtirok etdi.

O‘zbekiston Ek
ologik partiyasi tashabbusi bilan 2019 yilning 1 noyabridan 2020 yilning 31 dekabriga qadar daraxtlarning kesilishiga qarshi moratoriy e’lon qilindi. Ta’kidlash lozimki, partiya tomonidan ekologik innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, bugungi kundagi dolzarb ekologik muammolardan biri bo‘lgan polietilen paketlar o‘rniga biologik chiriydigan paketlar joriy etilishiga erishildi. Shuningdek, sanoat chiqindilarini, xususan fosfogipsni qayta ishlash bo‘yicha ixtironi hayotga tatbiq etish bo‘yicha hukumatga taklif kiritildi. Yosh avlodni tabiatga nisbatan mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida, bolajonlar uchun uy sharoitida yetishtirish va parvarish qilishi mumkin bo‘lgan meva va sabzavot urug‘lari maktablarga beg‘araz tarqatildi.

Aholini, ayniqsa, qishloq hududlaridagi aholini sifatli ichimlik suv bilan to‘laqonli ta’minlashni tashkil etish, yirik shaharlar atrofida “yashil qalqon”lar barpo etish, atmosfera havosiga chiqarilayotgan tashlanmalar miqdorini kamaytirish, chiqindilarni qayta ishlash hajmini yanada oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish birinchi galdagi vazifalaridandir.

Mazkur masalalarni hal etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlar ishlab chiqish partiya oldidagi muhim vazifalardan biridir. Ekologik barqarorlikni ta’minlashda huquqiy asos bo‘lgan majmuaviy xarakterga ega Ekologik kodeksni ishlab chiqish va qabul qilish maqsad etib qo‘yilgan.

Ezgu maqsad yo‘lida birlashib, shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda bugungi kun talablariga mos keladigan, amalga oshirilayotgan islohotlar bilan qadamma-qadam yurib, nafaqat bugungi balki, kelajak avlodni kelgusida qulay sharoitda yashash huquqini himoya qiladigan O‘zbekiston Ekologik partiyasi atrof-muhitni muhofaza qilish va fuqarolarning salomatligini saqlashni o‘zining bosh maqsadi deb hisoblaydi.

Boriy ALIXONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
markaziy ijroiya qo‘mitasi raisi.