Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar – ekologik muammolar yechimi
11:22 / 2021-05-21

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamisha Orol dengizi bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratib, ushbu mintaqada yashovchi aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish yo‘lida katta e’tirofga loyiq tashabbuslarni ilgari surib, ularni hayotga tatbiq etish kerakligini ta’kidlab keladi.

Mana shunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida bugun Orol mintaqasida yashovchi aholi hayot tarzida yaxshi o‘zgarishlar sezilmoqda.

Dastlab, dengiz yaqinida yashovchi Mo‘ynoq tumani aholisining ko‘p yillik orzusi ushalib, hayot manbai hisoblangan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi, tuman markazlaridan tortib, olis ovullarda davom etayotgan o‘zgarishlar, bugun eng avvalo har bir qoraqalpog‘istonlik, ayniqsa, qoraqalpoq onalari, yoshlari qalbida shukronalik, kelajakka bo‘lgan ishonch, hayotdan rozilik tuyg‘ularini oshirmoqda.

Chunki har bir ota-ona o‘z farzandining sog‘lom va barkamol o‘sishi, el-yurt koriga yaraydigan azamat bo‘lib voyaga yetishini orzu qiladi. Mana shu orzular munosib turmush sharoiti bilan chambarchas bog‘liq.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolning qurigan tubida to‘qayzorlar barpo etish ishlarining olib borilishi, so‘nggi 2-3 yil ichida hududda ekotizim, iqlimning yaxshi tomonga o‘zgarishiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining tashkil etilishi, Orol dengizining qurib qolgan qismidagi sho‘rlangan yerlarda ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlar ko‘lamini kengaytirish, ekotizimni yaxshilash va munosib hayot faoliyatini ta’minlash, tadqiqotlar va innovatsiyalarning ilg‘or tajribalarini joriy etish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Eng muhim qarorlardan biri davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hisoblanadi.

Mazkur qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilanib, ayni kunda qator amaliy ishlar bajarilmoqda.

Biz fikr bildirmoqchi bo‘lgan asosiy masala, o‘tgan yili sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan fikrlar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki jahon siyosatchilari tomonidan ham iliq kutib olingan edi.

Yurtboshimizning Orol dengizi bilan bog‘liq vaziyatga alohida e’tibor qaratib, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi yana bir bor kun tartibidagi birinchi masala sifatida ko‘rib chiqish uchun kiritilgani, ko‘p ming sonli yurtdoshlarimiz qatori meni ham xursand qildi.

Ahamiyatli jihati, Orol mintaqasida yashovchi ko‘p ming sonli aholi salomatligi va turmush farovonligi bilan bog‘liq ushbu hujjat BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullanganligi, hujjatga dunyoning turli mintaqalaridagi 60 ga yaqin davlat hammualliflik qilganligining o‘zi davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbusning nafaqat O‘zbekiston balki boshqa davlatlar uchun ham naqadar dolzarbligidan dalolatdir.

Mavjud muammolarga ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar asosida yechim topish, bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan davrning muhim talabi. Shunday ekan davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus ekologik muammolarga – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar asosida yondashish va yechim topishga xizmat qiladi.

Rao‘aj Otarbayev,

O‘zbekiston «Adolat» SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi o‘rinbosari, Xalq deputatlari Chimboy tuman Kengashi deputati.