Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik huquqlarga oid normalar tabiat uchun mas’uliyatni oshiradi
16:07 / 2022-06-23

Yangilanadigan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, ayniqsa, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim.

Shu bois, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalarning salmoqli qismi inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga taalluqlidir.  

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda bildirilgan taklif va tashabbuslar hamda ko‘tarilgan masalalardan kelib chiqib O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamda uning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi. 

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. 

Fraksiya a’zolari loyihada Konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ekologik masalalarga alohida urg‘u berilayotganiga e’tibor qaratdi. Ta’kidlanganidek, keng jamoatchilik hamda yurtboshimizning takliflari asosida Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan taklif etilayotgan loyihada IX bob nomlanishiga ekologik huquqlar kiritilib, bir qator ekologik huquqlarga oid normalar belgilanmoqda.

Har kim sog‘lom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega bo‘lishi, o‘z sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi, davlat atrof-muhitni yaxshilash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishi kabi normalar shular jumlasidandir.  

Qonun loyihasida o‘z ifodasini topayotgan ushbu yo‘nalishga doir ekologik-huquqiy normalar jamiyatda fuqarolarning ekologik huquqlari va majburiyatlari, ayniqsa, mansabdor shaxslarning tabiat himoyasi uchun mas’uliyatini keskin oshirishga xizmat qiladi.  

Bundan tashqari, yig‘ilishda fraksiya a’zolari Konstitutsiyaviy komissiya tarkibida hamda Konstitutsiyamizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqishda faol ishtirok etganligi alohida ta’kidlandi. Bosh qomusimizga taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar xalqimiz yillar davomida kutgan, orzu qilgan masalalar ifodasi, odamlar duch kelayotgan barcha muammolarning yechimi ekanligi qayd etildi.  

Muhokamalardan so‘ng Konstitutsiyaviy qonun loyihasi konseptual jihatdan bir ovozdan ma’qullandi.   

M.Komilova, O‘zA