Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytiriladi
12:13 / 2026-01-27

Bugungi kunda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi eng dolzarb muammolardan biriga aylanib bormoqda. Quyi palata majlisida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiatdan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

— Qonun loyihasi bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablari buzilishining oldini olish, xususan, daryolarning o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish tartibini buzish, suv resurslarini ifloslantirish, daraxtlar va butalarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish yoki yo‘q qilish, ularni muhofaza qilish choralarini ko‘rmaslik, shuningdek atmosfera havosini ifloslantirish bilan bog‘liq holatlarga nisbatan javobgarlik kuchaytirilmoqda, — deydi Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi X.G‘afforov. — Loyiha bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.  

Xususan, daryo o‘zanlarida noruda materiallarni noqonuniy qazib olish, suv resurslarini ifloslantirish, daraxt va butalarni g‘ayriqonuniy kesish yoki yo‘q qilish, ifloslantiruvchi moddalarni belgilangan me’yordan ortiq miqdorda atmosfera havosiga chiqarish, qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etmaslik, shuningdek, yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda yoki qurilmalarda yoqilg‘i, moddalar va chiqindilarni yoqish holatlari uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar joriy etilishi belgilanmoqda.

[gallery-27321]

Shu bilan birga, issiqxonalarda, ishlab chiqarish binolarida yoki yondirish uskunalarida shinalar, bitum, mazut, plyonka, sintetik karton, rezina, jun tolasi va shunga o‘xshash zararli komponentlarni o‘z ichiga olgan chiqindilarni yoqish ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi, — dedi deputat.

Shuningdek, qonun loyihasida sanoat va boshqa turdagi chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash yoki realizatsiya qilish jarayonlarida tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik uchun ham moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi ham ko‘zda tutilmoqda.  

Muhokamalarda bir qator savollar ko‘tarildi va qonun tashabbuskorlari tomonidan tegishli javoblar qaytarildi. Shundan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Muhtarama Komilova,  

Asliddin Alijonov (surat),  

O‘zA