Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasi kuchaytiriladi
14:02 / 2025-11-20

Sharh

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 noyabrdagi “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va turizmni rivojlantirish hamda mazkur yo‘nalishdagi davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish borasida bir qator muhim vazifalar belgilab berildi.  

Mazkur farmonda belgilangan vazifalar mohiyatini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mohira Xo‘jayeva batafsil sharhlab berdi:  

— Mamlakatimizda ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, mamlakatda huquq-tartibotni ta’minlashda ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonuni ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.  

Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishlari profilaktikasi, ularni aniqlash va oldini olishning samarali mexanizmlarini joriy etish, respublika aholi punktlarining sanitariya va ekologik holati uchun davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar rahbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi qabul qilindi. Konsepsiya doirasida tizimli ravishda tegishli “yo‘l xarita”lari va davlat dasturlari amalga oshirilmoqda.

Biroq, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida xuquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarning aniq manzilga yo‘naltirilmagani va ularga kompleks yondashilmayotgani, shuningdek, huquqbuzarliklarning tizimli ravishda sodir etilishiga doir sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish samaradorligi mavjud emasligi kutilayotgan natijalarni bermayapti. Jamiyatda o‘simlik va hayvonot dunyosidan foydalanish sohasida, yer, suv va atmosfera havosining ifloslanishi borasida ekologik huquqbuzarliklar sodir etilmoqda. Ular sonining oshib borishi esa ekologik barqarorlikka putur yetkazmoqda.

Davlatimiz rahbarining “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi negizida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etilmoqda. Ekologiya qo‘mitasi “Chiqindidan xoli hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Eko-madaniyat” va “Biomeros” umummilliy loyihalarini amalga oshirish uchun mas’ul organ sifatida belgilanmoqda.

2026 yil 1 apreldan boshlab sohadagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibining joriy etilishi, o‘z navbatida, sohada ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasida muhim ahamiyat kasb etadi.  

Shuningdek, hujjat bilan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi, ya’ni Ekopolitsiya tashkil etilmoqda. Ekopolitsiya Ekologiya milliy qo‘mitasining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan maxsus bo‘linmasi hisoblanadi.

Ekopolitsiya instituti o‘z tarkibiga ekologik nazorat inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy maxsus prokuraturalaridan iborat holda shakllantirilmoqda.

Ta’kidlash joiz, Bosh prokuratura tizimida tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat hamda yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etilgan edi. Bunda dastlab Orol va keyinchalik Toshkent va Jizzax tabiatni muhofaza qilish prokuraturalari tashkil etildi, bu borada inspeksiya va prokuror nazoratlari uyg‘unlashtirildi.

Farmon bilan hududiy prokuraturalarga sohadagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishidaajratilgan 40 ta shtat birligi Ekopolitsiyaga o‘tkazilishi nazarda tutilgan bo‘lib, Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanishi belgilab qo‘yilmoqda.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda brakonerlar va boshqa qonunbuzarlar tomonidan Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlarining hayoti va sog‘lig‘iga tahdidlarning sodir etilishi sohada ushbu salbiy holatlarni bartaraf etish va xodimlarning xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishni taqozo etadi. Bu borada farmon bilan Ekopolitsiya xodimlariga qonunbuzarlarga, xususan, brakonerlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va xizmat qurolini (rezina o‘qli, to‘r otuvchi) qo‘llash huquqi berilmoqda hamda ularning kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi.  

Ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda bu bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirishning ta’sirchan tizimini yaratish, qonun buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning zamonaviy tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish maqsadida bir qator tavsiyalar berildi.  

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish nafaqat davlat organlarining, balki shu jamiyatning a’zosi hisoblangan har bir insonning vazifasidir. Eng avvalo, tabiat va jamiyat oldidagi mas’uliyatni doimo his qilib yashash, atrofdagi hodisalarga beparvolik bilan munosabatda bo‘lmaslik, tabiat ne’matlari qadriga yetib yashash barchamizning kundalik hayot tarzimizga aylanishi zarur.

Muhtarama Komilova yozib oldi.

O‘zA