Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy yil 1 dekabr kuni ekologik barqarorlik, qish mavsumiga tayyorgarlik va yong‘in xavfsizligi masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ana shu yo‘nalishda amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab berilgan edi.
Ana shu vazifalardan kelib chiqib, Andijon viloyatida ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha “Dolzarb 15 kunlik” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Viloyat, tuman, shahar hokimliklari huzurida maxsus shtab va guruhlar tuzildi. Guruhlar rahbarligida hududlarda havoni ifloslantirayotgan manbalarni aniqlash, ularning faoliyatiga chek qo‘yish, issiqxonalar, qurilish maydonlari, avtotransport vositalari va noqonuniy faoliyat yurituvchi ob’ektlar faoliyatini o‘rganish, salbiy holatlarni bartaraf etish, shaharlar ko‘chalarini namlash, ariqlarni tozalash, belgilanmagan joylarga chiqindilar tashlanishining oldini olish, umuman, ona tabiatni asrab-avaylash, ekologik musaffolikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar, profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada viloyatning chekka hududlaridan biri Xonobod shahrida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
–Shahrimiz nafaqat viloyatdagi, balki respublikamizdagi eng toza, ekologik musaffoligi yuqori hududlardan biri sanaladi, – deydi Xonobod shahri hokimi Elyorbek Abdurahmonov. – Shunday bo‘lsada, ekologik holatni yanada yaxshilash maqsadida tuzilgan ishchi guruhlar boshchiligida yo‘llar yuvilmoqda, ariqlar, yo‘l chetlaridagi daraxtlar changdan tozalanmoqda, shuningdek, reydlar, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Reydlar davomida atmosfera havosini ifloslantirayotgan manbalar, noqonuniy chiqindi tashlash, sifatsiz yoqilg‘ilardan foydalinish holatlari aniqlanib, ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartiblar asosida choralar ko‘rilmoqda.
O‘rganishlar davomida Anhor mahallasi hududida joylashgan oshxonalarda tozalik, sanitariya talablari buzilganligi aniqlandi. Ishchi guruh tomonidan mutasaddilar holatni yaxshilash bo‘yicha qat’iy ogohlantirildi.
[gallery-26554]
Bundan tashqari, aholi, ishchi-xizmatchilar, o‘quvchilar ishtirokida har bir mahalla, mehnat jamoasi, ta’lim muassasaslarida belgilangan ekologik talablarning buzilishi, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirish va profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda, fuqarolarning ekologik bilimlari, ularning tabiat, atrof-muhit musaffoligini ta’minlashga daxldorlik hissi bilan yashash ko‘nikmalari mustahkamlanmoqda.
Ko‘rilgan tadbirlar natijasida ekologik vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari