O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyada bo‘lib o‘tgan “Zero Waste” xalqaro forumida ishtirok etdi.
Chiqindisiz ishlab chiqarish, ularni qayta ishlash va barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surish maqsadida tashkil etilgan tadbir BMT rasmiylari, turli mamlakatlarning vazir, ekspert, tadbirkor, ilmiy va ijtimoiy doira vakillarini bir joyga jamladi.
Anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi “Zero Waste – global majburiyatlar” ko‘rgazmasi bilan tanishib, mazkur konsepsiyani rivojlantirishga bag‘ishlangan yalpi majlisda ishtirok etdi.
Tadbir doirasida vazir Aziz Abduhakimov BMT Taraqqiyot dasturining aholi punktlari bo‘yicha ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax, AQSHning Kolumbiya universiteti professori Djeffri Saks, Turkiya atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum hamda Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumakli bilan uchrashdi.
Muzokaralarda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamorlikni kengaytirish, “yashil” texnologiyalarni joriy etish, yerdan barqaror foydalanish va ilmiy tadqiqotlar almashishuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi forumda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, muqobil energiya manbalariga o‘tish va chiqindilarni qisqartirish bo‘yicha milliy dasturlarni taqdim etdi. Iqlim bo‘yicha majburiyatlarni amalga oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish tamoyillarini ilgari surishga qaratilgan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA