O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, oqova suv tizimini modernizatsiya qilish, resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va toza muhit yaratish yo‘lida ilg‘or tajribaga ega davlatlar bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Koreyaning “GhEna” kompaniyasi bilan olib borilayotgan ishlar ana shunday muhim tashabbuslarning biri hisoblanadi.

Mamlakatimizda ekologik islohotlar izchil davom etayotgan bir paytda “GhEna” kompaniyasi mutaxassislari va “O‘zsuvta’minot” AJ rahbariyati o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldi. Tomonlar oqova suv tizimini zamonaviy texnologiyalar asosida qayta tashkil etish, loyihalarni tez va samarali amalga oshirish, resurslarni tejash va chiqindilarni qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Tomonlar o‘rtasidagi muloqotda Koreya kompaniyasining innovatsion yechimlari alohida e’tiborga olindi. Xususan, oqova suv tarmoqlarida yig‘ilib qoladigan yog‘-moy qatlamlarini qayta ishlab, foydali mahsulot – kirsovun tayyorlash texnologiyasi to‘g‘risidagi takliflar qiziqish uyg‘otdi. Bu kabi loyihalar ekologik muammolarni kamaytirish, chiqindidan qayta foydalanish orqali qo‘shimcha iqtisodiy samara berishi bilan ahamiyatli.
Muzokaralar yakunida “O‘zsuvta’minot” AJ va “GhEna” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat oqova suv tizimini modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish va sohadagi qo‘shma tashabbuslarni amaliyotga tezkor tatbiq etishga keng yo‘l ochadi.
Bu hamkorlik nafaqat texnologik yangilanishni aks ettiradi, balki aholining hayot sifati, shahar va qishloqlarda ekologik barqaror muhit shakllanishi, kelajak avlod uchun toza hamda sog‘lom tabiiy sharoit yaratilishiga xizmat qiladi.
Nilufar Bozorova,
O‘zA