Ekologik ekspertiza – rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash va obyektni ro‘yobga chiqarish mumkinligini aniqlashdir. O‘tgan 2023-yilda 21 ming 471 ta ekologik ekspertiza xulosasi berilgan. Shundan, 18 ming 913 ta loyiha ijobiy, 2 ming 396 ta loyiha qayta ishlash uchun yuborilgan. 162 ta loyiha rad etilan. Joriy yilning I choragida 5 ming 539 ta xulosa taqdim etilgan. 355 ta loyiha qayta ishlash uchun yuborilgan, 58 ta loyihaga rad javobi berilgan.
Mazkur ma’lumotlar AOKAda Davlat ekologik ekspertizasi markazi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida taqdim etildi.
Qayd etilishicha, loyiha hujjatlari rad etilishining asosiy sababi rejalashtirilayotgan obyektlarning muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda joylashgani, sanitar me’yor va normalarga mos kelmagani hamda jamoatchilik eshituvlarida aholining ko‘plab noroziliklarini keltirib chiqarganligidir.
Bugungi kunda berilgan ekologik ekspertiza xulosalari eco.gov.uz va eco-service.uz veb-saytlarida ochiq ma’lumotlar bo‘limiga joylashtirib borilmoqda. Hozirga qadar jami 68 ming 153 ta xulosa aholi uchun ochiq ma’lumotlar bo‘limiga joylashtirilgan. Soha vakillarining ta’kidlashicha, har bir fuqaro va investor ushbu saytlar orqali istalgan vaqtda Davlat ekologik ekspertiza xulosalari hamda atrof-muhitni muhofaza qilish va yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlar haqida ma’lumot olishi mumkin.
[gallery-16726]
Atrof tabiiy muhitni ifloslantiruvchi manbalarning monitoringini sifatli olib borish uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan grafikka asosan 2024-yil yakuniga qadar atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I toifaga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, 2025-yil yakuniga qadar –– II toifaga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ayrim majburiyatlar yuklatilgan. Xususan, mazkur subyektlar tomonidan atmosfera havosiga ustuvor turg‘un ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan tashlanmalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalar o‘rnatiladi, yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlari barpo etiladi hamda mavjudlari modernizatsiya qilinadi.
Shuningdek, “Davlat ekologik ekspertizasi va atrof-muhitga ta’sirni baholash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasi bo‘yicha ekologik ekspertiza xulosalarini berishda jamoatchilik fikri inobatga olinadi. Loyihalarning atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimi xalqaro normalar – Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) standartlariga moslashtiriladi. Shu maqsadda, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Koreya, Turkiya, Gruziya kabi davlatlarda amal qilayotgan atrof-muhitga ta’sirni baholashning skrining va skouping mexanizmlari joriy etish masalalari o‘rganib chiqildi.
Yangi tahrirdagi qonun loyihasiga ko‘ra, obyektlarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini baholashning barcha jabhalari qamrab olinadi. Ekologik ekspertiza xulosalari sifati oshiriladi, jamoatchilikning faol ishtiroki ta’minlanadi. Respublikaga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan investorlar uchun ishonchli ekologik baholash tizimi joriy etiladi.
Loyiha tashkilotlarining reyting tizimi joriy etiladi, loyihalarning murakkabligiga qarab, ekologik ekspertizadan o‘tkazish muddati va to‘lov miqdorlari belgilanadi. Tadbirkorlik subyektlariga ortiqcha ovoragarchilik va tushunmovchiliklarning kelib chiqishini oldini olish maqsadida loyiha hujjatlarini taqdim etish va ekspertiza xulosalarini olish bo‘yicha tizim to‘liq raqamlashtiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA