French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik bilim va madaniyat ekomuammolar yechimiga xizmat qiladi
16:51 / 2025-04-16

Yuksak ekologik madaniyat va bilimga ega bo‘lish bugungi ayanchli ekologik vaziyatlarda o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Yer yuzining barcha nuqtasida insoniyatning hayoti, turmush tarzi va salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi turli ekologik muammolar bo‘y ko‘rsatmoqda. Toza ichimlik suvining tanqisligi, atmosfera havosining ifloslanishi, chiqindilarning haddan ziyod oshib ketayotgani, tuproq degradatsiyasi, cho‘llanish, sho‘rlanish, yashillikning kamayib borishi – bularning barchasi insoniyat oldidagi chegara bilmas muammolar. Bu kabi mushkul vaziyatlarni yumshatish, imkoni boricha bartaraf etishga urinishlar bo‘lmoqda. Ammo tabiatga ko‘p yillar, asrlar davomida yetkazilgan ziyon-zahmatlar oqibati o‘z so‘zini aytmoqda.

Ana shunday vaziyatda insoniyatning ekologik madaniyati, tabiat bilan tillashishga oid bilim va ko‘nikmalari biroz bo‘lsa-da asqatadi. 15 aprel dunyo miqyosida «Ekologik bilimlar kuni» sifatida belgilanganining mohiyatida ham dunyo aholisining ekologik madaniyatini yuksaltirish maqsadi mujassam.

Ta’kidlash joizki, ushbu sana munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari tomonidan qator targ‘ibot tadbirlari, uchrashuvlar tashkil etildi. Xususan, partiya hamda Toshkent shahridagi Geologiya fanlar universiteti hamkorligida «Yoshlarda ekologik bilim va madaniyatni shakllantirish» mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati ham «Ekologik bilimlar kuni»ga bag‘ishlandi.

Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Baxriddin Hofizov ishtirok etib, hozirgi globallashuv jarayoni, texnika va texnologiya, sanoat yuqori darajada rivojlangan asrda ekologiya, bioxilma-xillikni asrash, tabiatni muhofaza qilish bilan bog‘liq muammolar dolzarb vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.

Tadbirda yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, ularni ekologiya sohasidagi qonunchilik va huquqlar bilan tanishtirish alohida ahamiyat kasb etishi, bu harakatlar mamlakatimizda ekologiya yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarda yoshlarning o‘rni va rolini oshirishga xizmat qilishi to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Shuningdek, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ekologik madaniyatini oshirish avj olib borayotgan ekologik muammolarni yumshatishda hal qiluvchi o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.

Darhaqiqat, bugungi yosh avlod ertaga shu zaminning egasi, barcha sohani harakatga keltiruvchi kuchi bo‘ladi. Ularda tabiat bilan munosabatda ehtiyotkor bo‘lish, tabiiy resurslarni asrab-avaylab ishlatish ko‘nikmasining shakllanishi esa ekologiyani asrashga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA