Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik barqarorlikni ta’minlash kuchaytirilmoqda
15:12 / 2025-12-16

Prezidentimizning “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyatida ham ekologik o‘rganish ishlari olib borildi.

Shu paytgacha mas’ul tashkilotlar hamda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan viloyatning bir nechta tumanlarida issiqxonalardagi qozonlar filtrsiz ishlayotgani va bu holat atmosferaga zararli moddalar chiqishiga sabab bo‘layotgani aniqlandi. 

Xususan, Toshkent tumanidagi Fayzobod, Kalas va Hasanboy mahallalarida joylashgan issiqxonalar kuzatuvga olindi. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi, havoni ifloslantirish omillari bartaraf etildi va issiqxona egalariga MJtKning tegishli moddalari asosida bayonnomalar rasmiylashtirildi. 

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan issiqxona egalariga ekologik xavfsizlik talablari, yonilg‘idan to‘g‘ri foydalanish qoidalari, majburiy filtr qurilmalarining standartlari hamda chiqindilarni belgilangan tartibda yo‘q qilish bo‘yicha muhim tushuntirishlar berildi. 

Jumladan, hududdagi Qushqo‘ndi mahallasida ham  issiqxonalar atroflicha o‘rganildi. Aslida aholi bandligi, oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish va mahallaning iqtisodiy dinamikasini kuchaytirishda issiqxona sohasi muhim tayanchdir. Shu bois, mas’ullar va mahalla faollaridan iborat ishchi guruh hududdagi barcha issiqxonaga ega xonadonlarni o‘rganib, ularning holati, quvvati va imkoniyatlari, qolaversa havoni ifloslantirmaslik uchun ko‘rilgan choralarni joyida baholadi. 

Mahalla faollari bilan birgalikda amalga oshirilgan bu jarayon nafaqat hisob-kitob uchun, balki kelgusida hududning qishloq xo‘jaligi salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan maqsadli rejalarni va aholida ekomadaniyatni  shakllantirishga xizmat qiladi. 

Atrof-muhitga zarar yetkazayotgan omillarni aniqlash, ekologik nazoratni kuchaytirish va atmosferani ifloslanishdan muhofaza qilishga doir hamkorlikdagi tadbirlar viloyatning boshqa hududlarida ham davom etmoqda. 

A.Musayev, O‘zA.