Yangi yil bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish hamda yurtimizda ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan e’lon qilingan “Dolzarb 10 kunlik” Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida ham izchillik bilan davom etmoqda.
Jizzax viloyati ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan Jizzax shahrida ekologik barqarorlikni, chiqindi to‘plash shoxobchalari va boshqa hududlarda ekologik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida viloyat chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish boshqarmasi, “Yeko-Housye”, “Yeko-Sfyera” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “Toza hudud” davlat unitar korxonasi hamda chiqindi poligonlari boshqarmalari bilan hamkorlikda har kuni belgilangan jadval asosida hasharlar uyushtirilayotganini ta’kidlab o‘tish lozim.
“Dolzarb 10 kunlik” munosabati bilan uyushtirilayotgan ana shu hasharlar jarayonida mahallalar hududlariga “Yeko-Housye”, “Yeko-Sfyera” MCHJlar hamda “Toza hudud” DUKning maxsus texnika vositalari va yuklovchilari jalb etilib, signal usulida xizmat ko‘rsatilayotgan har bir ko‘chaga kirib chiqilayotir va aholi xonadonlarida, ijtimoiy, iqtisodiy, maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa ob’ektlarda to‘plangan chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqib ketilayotir.
Shuningdek, davlat inspektorlari tomonidan chiqindilarning belgilanmagan joylarga tashlab ketilishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilyapti.
[gallery-21088]
Bu esa, Jizzax shahrida ekologik barqarorlikni, chiqindi to‘plash shoxobchalari va boshqa hududlarda ekologik osoyishtalikni ta’minlash va eng muhimi, fuqarolarimizning Yangi yil bayramini ko‘tarinki ruhda kutib olishiga va chiqindi muammolariga bo‘lgan munosabati ijobiy tomonga o‘zgarishiga xizmat qilmoqda.
“Dolzarb 10 kunlik” viloyatning boshqa hududlarida ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari