2025 yil Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yilida Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Kombinatda 32 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, yil davomida unda belgilangan barcha vazifalar to‘liq bajarildi. Shu bilan birga, respublika davlat dasturida NKMK zimmasiga yuklatilgan 4 ta asosiy band ijrosi ham to‘liq ta’minlandi.
– Kombinatimizda mahalliylashtirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishida salmoqli natijalarga erishildi, – deydi kombinat Matbuot markazi boshlig‘i Abdumajid Jo‘rayev. – Davlat dasturining tegishli bandiga muvofiq, 2025 yilda kombinat tomonidan 1 trillion 402 milliard so‘mdan ortiq mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarildi. Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) standartlarini joriy etish borasida ham muhim qadam qo‘yildi. Xususan, “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan NKMKga ilk bor korporativ ESG reytingi berildi. Kombinat “3” darajadagi reyting va 51 ball bilan mamlakatimiz tog‘-kon sanoatida ESG reytingini olgan birinchi korxona sifatida qayd etildi.
Kombinat tizimida investitsiya loyihalari ham izchil davom ettirildi. Jumladan, “Muruntov” konini o‘zlashtirish loyihasining navbatdagi bosqichlari doirasida 2025 yilda qurilish-montaj ishlari, konchilik texnikalari va asbob-uskunalarni modernizatsiya qilishga 36,5 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi.
Har doim atrof-muhitni muhofaza qilish va issiqxona gazlari tashlanmalarini kamaytirish masalasi kombinat faoliyatida ustuvor ahamiyat kasb etib kelgan. Shu maqsadda 3- va 5-gidrometallurgiya zavodlari, Navoiy mashinasozlik zavodiga atmosfera havosidan namuna olish va tahlil qilish avtomatik stansiyalar o‘rnatildi. Shuningdek, 7-gidrometallurgiya zavodi, “Marjonbuloq” koni sanoat-tajriba uchastkasi va quymachilik sexlari zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari bilan jihozlandi.
Bioxilma-xillikni saqlash va yashil hududlarni kengaytirish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor va kuz mavsumlarida kombinat bo‘linmalarida jami 463 ming tup mevali, manzarali daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilib, yangi bog‘lar barpo etildi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida kelgusida ham ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini hayotga tatbiq etish yo‘lidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri