Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik barqarorlik mahalladan boshlanadi
00:08 / 2026-02-08

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida mahalla instituti tobora markaziy o‘rin egallab bormoqda. Bu tasodifiy emas.

Chunki jamiyatdagi barcha islohotlar, avvalo, mahalla hayotida o‘z aksini topadi. 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ham mahallaning davlat va jamiyat qurilishidagi o‘rnini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi” degan tamoyil bugun ijtimoiy barqarorlik bilan bir qatorda ekologik taraqqiyotning ham asosiy mezoniga aylanmoqda. Chunki atrof-muhit tozaligi, sanitariya, yashil hududlarni asrash, chiqindilarni boshqarish kabi masalalar, eng avvalo, mahalla darajasida hal etiladi.

Bugungi kunda ekologik muammolar global tus olgan bir paytda, ularga qarshi samarali kurash faqat yuqori darajadagi qarorlar bilan cheklanib qolmasligi kerak. Ekologiya sohasida barqaror natijaga erishish uchun aholining kundalik turmush tarzi, tafakkuri va mas’uliyati o‘zgarishi zarur. Ana shu o‘zgarish esa mahalladan boshlanadi.

Shu ma’noda Jizzax viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasida viloyat Mahalla va Ekologiya boshqarmalari hamkorligida “Mahalla — ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotning ustuni” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Viloyat mahalla hamda ekologiya boshqarmalari hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik. Viloyat ekologiya boshqarmasi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Mahalla va ekologiya” konsepsiyasi mahallada ekologik barqarorlikni ta’minlashni tizimli asosda yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bo‘lib, u davlat siyosati bilan joylardagi amaliy ishlarni uzviy bog‘lab bermoqda.

Konsepsiya doirasida har bir mahallaga davlat ekologiya inspektorlarining biriktirilishi nazoratni kuchaytirish bilan birga, hamkorlik va mas’uliyatni ham oshirdi. Mahalla hududlarining ekologik pasportlari ishlab chiqilib, sanoat korxonalari faoliyati, chiqindilarni olib chiqish tizimi, yashil maydonlar holati, atmosfera havosi hamda yer-suv resurslarining ahvoli aniq hisobga olina boshlandi. Bu esa ekologik qarorlarni sub’ektiv emas, aniq ma’lumotlarga asoslangan holda qabul qilish imkonini bermoqda.

Jizzax viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xalmatovning ta’kidlashicha, ekologik barqarorlikka erishish, avvalo, mahallada tinchlik, tartib va birdamlikni ta’minlash bilan bevosita bog‘liq.

— Mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Mahallada ekologik tozalikka erishsak, yurtimizda ekologik tozalik bo‘ladi. Mahallani obodonlashtirsak, mamlakatimiz obod bo‘ladi. Bu jarayonda birdamlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi, — dedi Erkin Xalmatov. — Ekologik masalalarni faqat nazorat va jazo orqali hal etib bo‘lmaydi. Bu borada aholi ongida tabiatga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, ayniqsa yoshlarni ekologik madaniyat ruhida tarbiyalash ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda ta’lim muassasalari, yoshlar tashkilotlari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda olib borilayotgan targ‘ibot ishlari ekologik madaniyatni hayot tarziga aylantirishga xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, yashil bog‘ va yashil belbog‘larni barpo etish, ko‘chat ekish aksiyalari, chiqindilarni kamaytirishga qaratilgan tashabbuslar mahallada faqat mavsumiy tadbir emas, balki uzluksiz jarayon sifatida shakllanmoqda. Bu esa mahallaning qiyofasini o‘zgartirish bilan birga, aholining yashash sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yangi tizimning yana bir muhim jihati raqamlashtirishdir. Davlat ekologiya inspektorlarining faoliyati elektron platforma orqali monitoring qilinib, har bir mahallada bajarilayotgan ishlar real vaqt rejimida tahlil etilmoqda. Bu ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlab, samarasiz ishlayotgan holatlarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini bermoqda.

Muhimi, ekologik barqarorlikni ta’minlash bugun faqat bir sohaning vazifasi emas. Ichki ishlar, Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar xizmati, ta’lim va yoshlar tashkilotlari hamkorligida mahallada tinchlik, tartib va ekologik osoyishtalikni ta’minlash kompleks yondashuv asosida amalga oshirilmoqda.

Mahalla bugun faqat ijtimoiy masalalar hal etiladigan hudud emas, balki ekologik siyosatning eng muhim amaliy maydoniga aylanmoqda. Davlat tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar mahallada hayotga tatbiq etilar ekan, ekologik barqarorlik mafkura darajasidan kundalik turmush me’yoriga aylanmoqda.

Mahallada tozalik, tartib va mas’uliyat qaror topsa, ekologik xavflar kamayadi, aholi salomatligi mustahkamlanadi, ijtimoiy muhit sog‘lomlashadi. Bu esa o‘z-o‘zidan iqtisodiy barqarorlikka, jamiyatda ishonch va birdamlikning kuchayishiga olib keladi. Demak, mahalla darajasida ta’minlangan ekologik barqarorlik — butun mamlakat taraqqiyoti uchun mustahkam poydevordir.

[gallery-27545]

Yangi O‘zbekiston sharoitida mahalla institutining ekologik siyosat bilan uzviy bog‘lanishi tasodifiy emas. Bu — kelajak avlod oldidagi mas’uliyatni chuqur anglagan holda amalga oshirilayotgan strategik tanlovdir. Chunki tabiatga ehtirom, atrof-muhitga mas’uliyat va yashash makoniga egalik hissi aynan mahallada shakllanadi.

Shu ma’noda aytish mumkinki, ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan har bir sa’y-harakat, har bir tashabbus, har bir birdam qadam Yangi O‘zbekistonning barqaror kelajagiga qo‘yilgan ishonchli investitsiyadir. Bu yo‘lda mahalla — boshlanish nuqtasi, ekologik barqarorlik esa umummilliy taraqqiyotning mustahkam kafolatidir.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA