O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan Bo‘stonliq tumanida “Biz inson va tabiat uyg‘unligi tarafdorimiz!” shiori ostida ekologik aksiya o‘tkazildi.
Bo‘stonliq tumani hokimligi, bir qator oliy ta’lim muassasalarining ekofaol talabalari hamkorligida tashkil etilgan aksiya yurtimizda ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitni asrashga keng jamoatchilikni jalb etish va hududlarda amaliy obodonlashtirish ishlarini tashkil etish yo‘lidagi muhim tashabbus bo‘ldi.

Aksiyada partiya vakillari, deputatlar, tuman hokimligi mutasaddilari, yoshlar va mahalla faollaridan iborat 250 nafardan ortiq ishtirokchi bir maqsad yo‘lida jam bo‘ldi.

Aksiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Baxriddin Hofizov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zosi Mohira Xo‘jayeva so‘zga chiqib, tabiatni asrash har bir fuqaroning burchi ekani, inson va tabiat uyg‘unligi barqaror taraqqiyotning muhim sharti ekanini ta’kidladi.

Aksiya doirasida mahallalar hududlarini obodonlashtirish, ariq va yo‘laklarni chiqindilardan tozalash, tashlab ketilgan maishiy chiqindilarni yig‘ish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, noqonuniy chiqindi tashlanadigan joylarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etildi.
Tadbir yakunida faol ishtirokchilarga tuman hokimligi va partiya nomidan minnatdorlik bildirildi.
M.Komilova, O‘zA