Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasida 2022 yil 1-yarim yillik davomida boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bajarilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
“Yashil makon” umummilliy loyiha doirasidagi ishlarga mahalliy byudjet va homiylar mablag‘lari hisobidan tuman va shaharlardan jami 25 milliard 400 million so‘m ajratilgan. Buning 1,5 milliard so‘mi mahalliy byudjeti, 5,4 milliard so‘mi tashkilot mablag‘lari, 11,3 milliard so‘mi aholi va tadbirkorlar mablag‘lari, 7 milliard so‘mi homiylik mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Viloyat shahar va tuman hokimliklari, hududiy tarmoq tashkilotlari va boshqa idoralarda hisobotlarni yuritishda kamchiliklar, noaniqliklar aniqlandi. Guliston tumani "Sohilobod" QFY hududida tuman shtabi tomonidan yashil makon platformasiga 3000 ta terak ko‘chat kiritilgan, joyiga chiqib o‘rganilganda 2000 ta ko‘chat ekilgan. Boyovut tumani "Tinchlik" MFY hududida tuman shtabi tomonidan yashil makon platformasiga 15 000 ta mevali va manzarali ko‘chatlar kiritilgan, lekin joyiga chiqib o‘rganilganda 13 000 ta ko‘chat mavjud ekanligi aniqlandi.
Viloyatda ko‘chat ekish rejasi bo‘yicha 14 million 96 ming tup ko‘chat o‘tkazilishi kerak edi, shundan 2021 yil kuz mavsumida 5 million 286 ming tup ko‘chat ekilgan va 2022 yil bahor mavsumida 8 million 810 ming tup ko‘chat ekilishi belgilangan. Shtab tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga (2022 yil 10 may holatiga) ko‘ra, 8 million 677 ming tup (rejaga nisbatan 96,4 %) ko‘chatlar ekilgan.
Anjumanda “Yashil bog‘lar” hamda “Yashil jamoat parklari”ni barpo etishda Sardoba va Boyovut tumanlarida yer ajratilgan bo‘lsa-da ishlar boshlanmagani ta’kidlandi.
Hozirda viloyatda ekologik ahvoli og‘ir hududlar ham mavjud. Xovos tumani Farhod-5 qo‘rg‘oni hududidagi “Zaharli moddalar saqlanayotgan omborxona”, Guliston shahar “Suv-oqova” korxonasiga qarashli oqova suvlar tozalash inshooti, Yangiyer shahar “Suv-oqova” korxonasiga qarashli oqova suvlar tozalash inshooti va Shirin shahar “Suv-oqova” korxonasiga qarashli oqova suvlar tozalash inshooti ekologik ahvoli og‘ir hududlarga kiradi.
Guliston, Yangiyer va Shirin shaharlarida tozalash inshootlari ishlamayotgani sababli, ifloslangan oqova suvlar yer usti oqar suv manbalariga tashlanib, salbiy ekologik va sanitar-epidemiologik vaziyat vujudga kelish xavfini tug‘dirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, mansabdorlar ham ekologiya sohasida javobgarlikka tortilgan. Boshqarma tomonidan 1-yarim yillikda jami 1453 ta reydlar o‘tkazildi. Davlat nazoratchilari tomonidan 1388 ta javobgar shaxsga jarimalar solindi.
Matbuot anjumanida ishtirokchilar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov(surat), O‘zA