O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ekohududlarda turistik so‘qmoqlarni tashkil qilish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Ekohududlarda turistik so‘qmoqlarni tashkil qilish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
turistik so‘qmoqlarni tashkil qilish va ularning reyestrini yuritish tartibi;
turistik so‘qmoqlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibi;
turistik so‘qmoqlarning yo‘nalishlarini ishlab chiqish va ularni Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish tartibi belgilab berilgan.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi uch oy muddatda turistik so‘qmoqlar tashkil qilinadigan hududlar ro‘yxatini shakllantirishi hamda ular bo‘ylab barpo etiladigan selfi zonalari, kemping, dam olish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari joylashuvini belgilab berishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur Nizom davlat qo‘riqxonalarining bufer zonalari, milliy tabiat bog‘lari, pitomniklar (qo‘riqxonaga aylantirilgan zonalar bundan mustasno), o‘rmon va o‘rmon-ov xo‘jaliklari, tog‘li va cho‘l hududlar hamda suv ob’ektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida turistik so‘qmoqlarni tashkil qilish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
O‘zA