Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekofraksiya ekologik monitoring bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqmoqchi
14:27 / 2025-11-25

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi, Ekofraksiya rahbari A.Hamzayev mamlakatimizda ekologik siyosat borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi:

— Bugungi kunda davlatimiz rahbari ekologik dolzarb masalalar bo‘yicha muhim tashabbuslarni bir necha marotaba ilgari surmoqda. O‘rganishlarimizda ma’lum bo‘ldiki, dunyoning rivojlangan 1-2 ta sanoqli davlatidagina ekologiya yuqori darajaga ko‘tarilgan.  

Ta’kidlash lozimki, “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaror va farmonlarida bir qator dolzarb vazifalar belgilab berildi. Jumladan, qonunchilikni takomillashtirish masalasi ilgari surilgan, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalar qo‘llash masalasi ko‘zda tutilgan.  

Bundan tashqari, davlat rahbarining “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, unga muvofiq, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilishi belgilab berildi.  

Partiyamiz tashkil etiladigan maxsus komissiya bilan hamkorlikda ish olib boradi.  

Xususan, umumiy maydoni 200 metr kv.dan yuqori bo‘lgan issiqxonalarda chang-gaz tozalash uskunalari nosoz ishlashi yoki bu uskunalar mavjud bo‘lmagan holatlar bo‘yicha ma’muriy jarimalarni oshirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, atmosferaga zaharli gaz chiqaradigan chiqindilarni yoqish holatlari aniqlanganda jinoiy javobgarlik belgilash masalasi ko‘zda tutilmoqda.  

Shu bilan birga, partiya fraksiyamiz a’zolari ekologik monitoring bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish tashabbusini rejalashtirilgan.  

Umuman, Prezident farmonidagi 18 ta bandda ko‘rsatilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha samarali parlament nazorati olib borishni tashkil etamiz. Partiya qoshida shtab tuzilgan. Ekologik reydlar olib borilmoqda, monitoring ishlari muntazam yo‘lga qo‘yilgan, — dedi Ekopartiya yetakchisi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA