Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekoaksiya: 5 tonnadan ortiq chiqindilar yig‘ib olindi
15:21 / 2024-04-01

Andijonda “Chiqindisiz dunyo uchun!” shiori ostida tashkil etilgan ommaviy plogging ekoaksiyasi uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan aksiyada soha mutasaddilari, korxona, tashkilot, muassasalar vakillari, ekofaollar hamda yoshlar qatnashdi.  

– Aksiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad hududlarni chiqindilardan tozalash, atrof-muhitni obodonlashtirish ishlarini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishdir, – deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Akbarov. – Qolaversa, keng jamoatchilikning bu boradagi muammolarga e’tibori va daxldorlik hissini kuchaytirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan.

[gallery-16698]

Bugungi kunda chiqindilar butun dunyo bo‘yicha iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning nobud bo‘lishi hamda atrof muhitning ifloslanishiga sabab bo‘layotgan global muammolardan biriga aylangan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda bir kunda 19-20 ming tonna chiqindi hosil bo‘lmoqda. Turli xil metallar, shisha idishlar, qog‘oz, plastik va oziq-ovqat mahsulotlarining qoldiqlaridan iborat bo‘lgan chiqindilarning faqat 38 foizi qayta ishlanmoqda.  

Yurtimizda olib borilayotgan ekologik nazorat va targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramasdan aholi tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni duch kelgan yerlarga tashlab ketish, aholi punktlarida, avtomobil yo‘llari yoqalariga, dala maydonlari chetlari, suv havzalari qirg‘oqlarida noqonuniy chiqindixonalar yuzaga keltirilayotganligi o‘ta tashvishli holatdir.  

Keng jamoatchilikning chiqindilarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish, aholining ekologik madaniyatini oshirish orqali ana shunday ko‘ngilsiz holatlarga barham berish, chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish, ularni saralash va qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan aksiyada andijonliklar ham faol ishtirok etdi. Xususan, 200 nafardan ortiq ko‘ngilli qatnashgan tozalash, obodonlashtirish ishlarida turli texnikalar jalb etilgan holda 5 tonnadan ortiq chiqindi yig‘ib olindi. Shu bilan birga, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.  

 

F. Ubaydullayev,  

Z. Umrzoqov (surat),  

O‘zA muxbirlari