Eko-stiker olish bo‘yicha tushgan murojaatlar asosida 10 mingdan ortiq stiker tayyorlandi
Vazirlar Mahkamasining “Avtotransport vositalarining atmosfera havosiga zararli ta’sirini kamaytirish maqsadida «Ekologik transport» tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Bosh prokuror o‘rinbosari Isroil Adhamov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkentda shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga qarashli 4-sonli ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi faoliyati bilan tanishdi.
Aniqlanishicha, bugungi kunda "my.gov.uz" portali orqali avtotransport vositalariga eko-stiker olish bo‘yicha 25 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Shu asosda 10 mingdan ortiq stikerlar tayyorlangan. Qolgan murojaatlar bo‘yicha stikerlarni tayyorlash jarayoni davom etmoqda.
Toshkent shahrida 809 mingta, Toshkent viloyatida 530 mingta transport vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, qaror talabiga muvofiq barcha transport vositalari "Ekologik transport" tizimiga kiritiladi.
N.Abduraimova, O‘zA