Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Eko bog‘” so‘lim joyga aylandi (+video)
17:25 / 2025-08-27

Mustaqilligimizning qutlug‘ 34 yillik ayyomi oldidan “Eko bog‘” yana o‘z faoliyatini boshladi. Ochilish tadbirida jamoatchilik vakillari, nuroniylar, viloyat hamda shahar va tumanlar hokimliklari mas’ul mutasaddilari, ma’muriy korxona va tashkilot, idoralar xodimlari, xalq xo‘jaligi turli jabhalarida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, harbiylar, yoshlar, ertamiz egalari qatnashdi.

Buxoro xalqaro aeroportiga yaqin manzilda, qariyb 4 gektarga yaqin maydonni egallagan mazkur istirohat bog‘i keyingi yillarda biroz e’tibordan chetda qolgandi. Viloyat hokimligi va jamoatchilik tashabbusi bilan keyingi oylarda bu bog‘da obodonlashtirish ishlari olib borildi. Yurtdoshlarimizga so‘lim, bahavo maskanda miriqib hordiq chiqarishlari, oilaviy sayr qilishlari uchun zarur shart-sharoit yaratildi. 

Mazkur “Eko bog‘” ochilishi munosabati bilan unda madaniy-ma’rifiy, harbiy-sport va ko‘ngilochar tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, mehnat va bandlikka ko‘mak berish maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, yoshlar ijodi va iqtidorini namoyon etadigan “Barkamol avlod” markazlari to‘garaklari yosh iste’dod egalari ijodiy mahsulotlari, oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlanmalari, olimlar va iqtidorli talabalar innovatsion kashfiyotlari va mahalliy mahsulotlar, shuningdek, arzonlashtirilgan kitob va o‘quv qurollari ko‘rgazmalari, harbiylar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmali chiqishlar, xalq amaliy san’atining turfa hunarmandchilik namunalari, kashtado‘z, zardo‘z chevarlar, holvapaz-qandolatpazlar, qolaversa, alohida bezatilgan mahallalar pavilonlari hech bir yurtdoshimizni befarq qoldirmadi. 

Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etib, viloyat jamoatchiligi, barcha buxoroliklar va yoshlarni mamlakatimiz mustaqilligi arafasida ishga tushirilayotgan so‘lim maskan, yurtdoshlarimiz emin-erkin oilalari, farzandlari bilan sayr qilib, ko‘ngilli hordiq chiqaradigan bog‘ bilan muborakbod etdi. 

[gallery-24983]

– 2025 yil 15 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Qarorda 2030 yilda 3,3 million nafar maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida ekologik madaniyatni shakllantirish maqsad qilingan. Shuningdek, 4,2 million nafar umumiy o‘rta ta’lim tizimi tashkilotlari o‘quvchilarida ekologik ta’lim-tarbiyani mustahkamlash, ekologik madaniyatni yuksaltirish ko‘zda tutilgan. Joriy yildan boshlab har yili aholining turli qatlamlari, talabalar va o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi daraxt – yangi nafas” respublika ekochempionati hamda har oyda bir marotaba “Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz” shiori ostida aksiyalar, tashviqot tadbirlari o‘tkaziladi, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat kengashi raisining o‘rinbosari Jahongir Sharipov.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RAoiKofh9Mc" title="“Eko bog‘” so‘lim joyga aylandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat, video), O‘zA muxbirlari.