Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekin maydonlaridagi tuproqni yozning chillasida salqin saqlash uchun nimalar qilish kerak?
12:55 / 2025-07-24

Yoz chillasi boshlanishi bilan tabiatning barcha mavjudoti borki, salqinlashga urina boshlaydi. Bunday paytda ekin maydonlaridagi tuproqlarni sog‘lom va unumdor holda saqlash masalasi ham birlamchi muammoga aylanib qoladi.

Ayni vaziyatda tuproqni issiq haroratdan omon saqlashga doir bilim-tajribaga ega bo‘lganlarning tavsiyasi muhim sanaladi. Unga amal qilish esa o‘z samarasini bermay qolmaydi. Ilmiy ko‘rsatmalar natijadorlikka sabab bo‘ladi. Xo‘sh, yoz chillasida ekin maydonlaridagi tuproqni salqin holda saqlash uchun nimalar qilish kerak?

Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish uyushmasi bergan ma’lumotga ko‘ra quyidagi usullar tuproqni salqin saqlashda ilmiy asosga ega.

Tuproq ustiga o‘simlik qoldiqlari, sabzavot yanchig‘i yoki boshqa tabiiy materiallardan tayyorlangan mulch yotqizish namlikni saqlashga yordam beradi va tuproq temperaturasi o‘zgarishini kamaytiradi. Sug‘orish jarayonida tuproqni yaxshi namlash uchun suvni chuqur va kamdan-kam berish tavsiya etiladi. Bu usul tuproq ustki qatlamlari quruqlashishining oldini oladi.

Tuproqni aeratsiya qilish ham ayni holatda samarali hisoblanadi. Bunda tuproqning strukturasi yaxshilanib, havo almashuvi ta’minlanadi. Bu jarayon tuproq sog‘lig‘ini oshirib, namlikni saqlashga yordam beradi.  

O‘g‘itlardan foydalanish orqali ham natijaga erishish mumkin. Organik o‘g‘itlar va kompost qo‘shish tuproq unumdorligini oshiradi. U namlikni saqlashga yordam beradigan zarur mikroorganizmlarni jalb qilish xususiyatiga ega. Issiq havoga bardosh bera oladigan o‘simliklarni tanlash ham tuproqni kuchli holatda saqlab turadi. Bu borada begona o‘tlar va boshqa o‘simlik qoldiqlarini yo‘q qilishning ijobiy ta’siri yuqori. Keng tarqalgan tuproqni saqlovchi material (masalan, geotekstil)lar yuqori haroratdan tuproqni yaxshigina himoya qiladi va namlikni saqlaydi.

Darhaqiqat, bu kabi muhim ma’lumotlar yozning issiq pallasida ekinzorlarni saqlash, hosildorlikka sharoit yaratishda asqatadi.

A.RUSTAMOV,

O‘zA