I.D.” Mirobod maxsustrans” avtotransport filialida haydovchi bo‘lib ishlagan. U shu yilning 25 mart kuni Yakkasaroy tumani Usmon Nosir ko‘chasidagi chiqindixona oldiga o‘zining boshqaruvidagi yuk avtomashinasida kelgan.
Chiqindi olish uchun mashinani orqa tomonga harakatlantirgan vaqtida ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ygan – shu yerda turgan piyoda F.X.ni urib yuborgan. Piyoda og‘ir tan jarohati olib, 1 aprel kuni shifoxonada vafot etgan.
Sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan I.D. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, o‘sha kuni chiqindi tashuvchi yuk avtomashinasini tegishli hujjatlar bilan boshqarib kelganini, axlatlarni belgilangan quduqqa to‘kish uchun orqa tomonga harakatlanayotgan vaqtida ehtiyotsizlik oqibatida piyodani ko‘rmay qolganini va F.X.ni urib yuborganini aytgan. U darhol yuk avtomashinasidan tushib, piyodani quduqdan olib chiqqan. So‘ng esa o‘zining boshqaruvidagi yuk mashinasida hushsiz bo‘lgan F.X.ni shifoxonaga olib borgan. Shifokorlar unga birinchi yordam ko‘rsatib, so‘ng operatsiya qilgan. 1 aprel kuni esa ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan F.X. vafot etgan.
I.D. qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, sodir qilgan harakatlarining oqibatini tushunib, jabrlanuvchilarga imkon qadar yordam ko‘rsatib kelayotganini, bundan keyin ham yordam ko‘rsatishini bayon qilib, o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘radi.
Sudning hukmi bilan I.D. O‘zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topildi. Unga ikki yil muddatga muayyan huquqdan, ya’ni transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda shuncha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Alisher Jalilov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining raisi.