French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyotkorlik — xavfsizlik garovi
16:19 / 2025-12-02

Bugungi kunda transport vositalari hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Kimdir shaxsiy avtomobilidan muntazam foydalansa, yana kimdir taksi xizmatlaridan foydalanishni afzal ko‘radi. Biroq ta’kidlash joizki, har ikkisida ham xavfsizlikka rioya qilish talab etiladi.

Kundalik turmushda har birimiz bir viloyatdan ikkinchi viloyatga borib kelishimizga to‘g‘ri keladi. Ayni jarayonda yuqorida ta’kidlagan xavfsizlik masalasi yuzaga chiqadi.

Bunda haydovchi va yo‘lovchilarga birmuncha tavsiyalar mavjud.

Tunda yo‘lga chiqmaslik, tez haydamaslik va bunga undamaslik, havo harorati keskin pasayganda safar qilmaslik, ayniqsa, tumanli havo xavfi mavjud bo‘lsa, harakatlanishni to‘xtatish.

Bu kabi yana bir qancha holatlar borki, inson hayoti uchun xavfli. Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek oldimizdan keladigan xavfni hech birimiz bilmaymiz. Ammo ehtiyotkorlik foydadan xoli emas.

—Uch yildan beri Samarqand — Toshkent yo‘nalishida haydovchilik qilaman. Shunday holatlar bo‘lganki, butun hayotim bir lahza ko‘z o‘ngimdan o‘tgan, — deydi Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi Umarbek ismli haydovchi. — Shu yilning 22 noyabr kuni atrofni juda kuchli tuman qopladi. Ko‘rish va harakatlanish imkoni deyarli yo‘q. O‘shanda 30 ga yaqin mashina bir-birining ortidan borib urilgan. Yaxshiyamki, hech kimga ziyon yetmagan. Hurmatli yo‘lovchilar, o‘zingiz va yaqinlaringiz taqdiriga befarq bo‘lmang. Zero, bugunning ehtiyoti ertaning xavfidan asraydi.

Darhaqiqat, tabib tabib emas, boshidan o‘tkazgan tabib deganlaridek, ushbu haydovchining mazkur asosli fikrlariga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q. Negaki, tushuntirish tushunganlarning vazifasi.

Sherbek Islomov, O‘zA