Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyotkorlik va raqamli hushyorlik ko‘plab jinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi
11:47 / 2026-02-26

Jizzax viloyatining Paxtakor tumani ichki ishlar bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan tumandagi umumta’lim maktablari jamoasi vakillari uchun “Kiberjinoyatlar va ularning oldini olish” mavzusida seminar tashkil etildi.

Tadbirda axborot xavfsizligi masalasi nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki ta’lim tizimi va keng jamoatchilik uchun ham o‘ta dolzarb ekani alohida ta’kidlandi.

Seminar davomida so‘nggi yillarda axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi natijasida kiberjinoyatlar ko‘lami kengayib borayotgani haqida aniq ma’lumotlar keltirildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ayniqsa, phishing (internet orqali aldash yo‘li bilan maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish), bank plastik kartalariga noqonuniy kirish, ijtimoiy tarmoqlar orqali firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash holatlari keskin oshgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, xalqaro tahlil markazlari hisobotlariga ko‘ra, kiberjinoyatlar tufayli jahon iqtisodiyoti har yili milliardlab dollar zarar ko‘rmoqda. Bu esa raqamli makondagi xavf-xatarlar chegara bilmasligini anglatadi. Shu nuqtai nazardan, kiberxavfsizlikni ta’minlash masalasi davlat va jamiyat oldidagi ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda.

Tadbirda ishtirokchilarga shaxsiy ma’lumotlarni ishonchli himoya qilish, noma’lum havolalarga kirmaslik, begona shaxslarga SMS-kod hamda bank kartasi ma’lumotlarini bermaslik, murakkab parollardan foydalanish va two-factor authentication tizimini yoqish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Oddiy ehtiyotkorlik va raqamli hushyorlik ko‘plab jinoyatlarning oldini olishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Seminar qatnashchilari ta’lim muassasalarida o‘quvchilar va pedagoglar o‘rtasida kibermahdudiyat, ya’ni internetdan foydalanishda xavf-xatarlarni anglash, shaxsiy ma’lumotlarni asrash va virtual makonda mas’uliyat bilan harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish zarurligini ta’kidladilar. Bu tushuncha raqamli madaniyatning ajralmas qismi bo‘lib, yoshlarda axborotdan ongli va xavfsiz foydalanish immunitetini mustahkamlaydi. Zero, internetdan foydalanish madaniyati yuksalgan sari jinoyatchilar uchun imkoniyatlar qisqaradi.

Bugun kiberjinoyatlarga qarshi kurash faqat bir idoraning emas, balki butun jamiyatning vazifasiga aylanmoqda. Raqamli xavfsizlikni ta’minlash — kelajak avlod taqdiri, iqtisodiy barqarorlik va fuqarolar farovonligi bilan bevosita bog‘liq masaladir. Shu bois, mazkur mavzu respublika miqyosida doimiy ravishda ko‘tarilishi, targ‘ibot va tushuntirish ishlari izchil davom ettirilishi zarur.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri