O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga Toshkent shahar Yashnobod tumani Izzat ko‘chasidagi 10 dan ziyod xonadon egalaridan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda mahalladagi hovli uy-joylar yonginasidan "Global Pipe Trader" firmasi tomonidan qurilayotgan 12 qavatli turar-joy majmuasi fuqarolarning shaxsiy daxlsizlik huquqlarini buzayotgani, quyosh nurini to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘sib qo‘yishi kabi bir qator noqulayliklar tug‘dirishi, xavfsizlik jihatidan ham "xavfli" ekanligi qayd etilgan.
Murojaatda ko‘rsatilgan manzilga borganimizda bir tomondan issiq suv quvurlari, ikkinchi tomondan poyezd yo‘li tushgan ushbu qurilish ob’ektini ko‘rib hayratga tushdik. Chunki, Qurilish vazirligi tomonidan taqdim etilgan yangi turar-joy majmuasi eskiziga ko‘ra, qurilish ob’ektida bir emas naqd 8 ta 12 qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Eng qizig‘i suratda aholi uchun bog‘lar, bolalar maydonchalari tashkil etilishi chiroyli qilib ko‘rsatib qo‘yilgan.
Endi tasavvur qiling, bir tomonidan issiq suv quvurlari, ikkinchi tomonidan poyezd yo‘li o‘tgan ushbu manzilda qurilgan yangi uy-joylar qanchalik xavfsiz bo‘lishi mumkin?
Biz bu haqida quruvchi tashkilotdan "ishonchli" ma’lumot olishga bir necha bor urinib ko‘rdik. Ammo quruvchi tashkilot vakillari biz bilan muloqot qilishni istamadi.
Ma’lumki, qurilish ishlari boshlanishidan oldin bir nechta tekshiruvlar va mas’ul tashkilotlardan ruxsat olinadi. Albatta mas’ul tashkilotlar ro‘yxatida mahalla idorasi ham bor. Biz yangi qurilayotgan qurilish ob’ekti va uning mahalla fuqarolariga qanchalik noqulaylik tug‘dirayotgani haqida mahalla raisi qanchalik xabardorligi bilan qiziqdik.
Mahalla fuqarolari yig‘ini raisi qisqa qilib “men bilmay qoldim, doim fuqarolarim tomonida bo‘lganman..." dedi. To‘g‘risi, fuqarolarning muammolarini o‘z vaqtida bartaraf etishga bosh-qosh bo‘lishi kerak bo‘lgan mas’ulning ushbu javobi bizni unchalik qoniqtirmadi.
Tadbirkor ushbu murojaat yuzasidan munosabat bildirishni qat’iy rad etganligi sababli biz mazkur ob’ekt haqida Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga ma’lumot olish uchun bordik. Kutilganidek, mazkur yangi qurilish binosi bo‘yicha hujjatlarda hech qanday kamchiliklar yo‘q. Ruxsat berishda barcha qonun-qoidalarga rioya etilgan. Ammo...
Mazkur yig‘ilish bayoniga e’tibor bering. Unda mahalla fuqarolari yig‘ilishda qatnashganligi va yangi turar-joy qurilishiga hech qanday e’tirozi yo‘qligi ko‘rsatilgan. Ming afsuski, ushbu "Yig‘ilish bayon"ida ko‘rsatilganidek hech qanday yig‘ilish o‘tkazilmagan va e’tirozi yo‘q deya ko‘rsatilgan fuqarolar ushbu mahallada istiqomat qilmasligiga nima deysiz? Ayni damda fuqarolar tomonidan ushbu "qalbaki bayon" ustidan prokuraturaga ariza kiritilgan.
Shu o‘rinda yana bir narsaga to‘xtalib o‘tishimiz lozim. Ma’lumki tadbirkor ushbu yerni "auksiondan" uy-joy qurish uchun "xavfsiz manzil" sifatida sotib olgan. Mazkur "tavsiya" esa xabaringiz bor Toshkent shahar hokimligi tomonidan beriladi. Ushbu qurilish ob’ekti yashab turgan va yangi uy-joy egalari uchun qanchalik "xavfsiz" bo‘lishi mumkinligi haqida hokimiyatga murojaat bilan chiqqanimizda, ayni damda shahar hokimiyati matbuot kotibi lavozimi "bo‘sh"ligi sababli ma’lumot bera oladigan mas’ul yo‘qligini aytishdi.
Hokimiyat tomonidan noto‘g‘ri tavsiya etilgan "manzil" - endilikda ham tadbirkor, ham fuqarolar uchun "katta muammo"ga aylanib bormoqda. Qurilish firmasining advokati bilan bog‘lanishni istagan fuqarolarga esa “...qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi, yutqazasiz!” deb javob berilmoqda.
Mayli, advokat aytganidek "qo‘limizdan hech narsa kelmasa ham", biz mazkur qurilish firmasi tomonidan qurilayotgan yangi turar joy majmuasi mas’ul tashkilotlar tomonidan "xavfli ob’ekt" sifatida qayta ko‘rib chiqilib nazoratga olinishi kerakligini eslatib o‘tamiz. Zero, uy-joy qurilishida shaxsiy manfaatlargagina emas, balki qayta-qayta takrorlanayotgan "inson qadri va xavfsizligi" inobatga olingandagina ham davlatga, ham tadbirkorga manfaatli bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xVUsoeKy6qc" title="Ehtiyot bo‘ling "xavfli hudud”!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Voqealar rivojini biz bilan kuzatishda davom eting.
M.Turdialiyeva, A.Sodiqov O‘zA