Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmandlarga yelka tutish — xalqimizga xos xususiyat
15:37 / 2024-12-14

Munosabat

Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida o‘tgan ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar e’tirof etilib, galdagi vazifalar belgilab berildi.  

Ijtimoiy sohani o‘zining eng asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olgan O‘zbekiston Xal demokratik partiyasi yetakchisi va deputatlari ushbu yig‘ilishda ilgari surilgan takliflar hamda vazifalarning ahamiyati xususida o‘z munosabatlarini bayon qilishmoqda.  

Ulug‘bek INOYATOV, O‘zXDP raisi, parlament quyi palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari:  

— Muhtojlarga yordam berish, qiynalganning qo‘lidan tutish kabi ezgu fazilatlar xalqimizning qonida bor. Ota-bobolarimiz ehtiyojmandlarga yelka tutib, buning xotirjamligi va qalb osoyishtaligi bilan baxt yaratgan.  

Davlatimiz rahbari raisligida o‘tgan ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda bildirilgan fikrlar barchamizni bu haqda chuqur o‘ylab ko‘rish, shunga qarab rejalar tuzishga undadi.  

Bugun Yangi O‘zbekistonning erkin bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida ijtimoiy adolat va ijtimoiy barqarorlikka asoslangan xalqparvar siyosati xalqaro minbarlarda e’tirof etilayotgani kishiga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Davlatimiz rahbari boshchiligida ijtimoiy himoya bo‘yicha erishilayotgan natijalar buni tasdiqlaydi.  

Yig‘ilishda qayd etilganidek, mahalladagi ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, shu yil reyestrda bo‘lmagan yana 95 ming muhtoj odamga yordam ko‘rsatdi. 51 ming odamga nogironlik belgilandi, 26 mingi protez oldi, nogironligi bor 5 ming bola bog‘cha-maktabga joylashdi. Bu raqamlar oddiy raqamlar emas, ularning ortida qanchadan-qancha yurtdoshlarimizning rozi-rizoligi masalasi bor. Eng muhimi, bu raqamlar, belgilangan yangi vazifalar ijtimoiy davlat tamoyillarini mustahkamlab, yurtimizning inklyuziv jamiyatga aylanishiga mustahkam asos yaratmoqda.  

Uch oy oldin viloyat va tumandagi 14 ming rahbar 75 ming kambag‘al oilaga biriktirilib, ular bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yildi. Natijada shu kunga qadar kambag‘al oilalardagi 17 ming odam doimiy ishga joylashtirildi, tadbirkorlik va tomorqa orqali 14 ming aholining daromadi oshirildi, 30 ming bola bog‘cha, to‘garak va kasbga o‘qitish bilan qamrab olindi, 45 ming muhtoj aholiga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Bu ahamiyatli natijalar mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samarali amalga oshirilayotganini anglatadi.  

Mamlakatda ijtimoiy himoyani kuchaytirish, kambag‘allikni qisqartirish jarayonlarida faol ishtirok etish Xalq demokratik partiyasining muhim siyosiy vazifasi hisoblanadi. Vazifalar va yangi tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ularning samarali amalga oshishida faol ishtirok etishni burchimiz, deb bilamiz. 

Anvarjon NURMATOV, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:  

— Mazkur yig‘ilishda Prezidentimiz bu yil ijtimoiy himoya bo‘yicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qo‘shimcha 28 ta yangi tashabbusni ilgari surdi. Jumladan, kelgusi yilda 1 million 200 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi. Masalan, Toyloq va Kosonsoyda “Ilk rivojlanish markazlari” ochilib, kambag‘al oiladagi va nogironligi bo‘lgan 4 ming 200 nafar bolaga bog‘cha ta’limi berilmoqda.  

Davlatimiz rahbari viloyat hokimlariga har bir tumanda bittadan shunday tajribani tashkil qilishni topshirdi. Yangi yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinishi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab berilishi belgilandi.  

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi ijtimoiy himoya yo‘nalishidagi islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, bu borada belgilangan vazifalar bo‘yicha parlament va deputatlik nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratadi. Insonni ulug‘lash va e’zozlash yo‘lidagi vazifalarni bajarishda barchamiz faol bo‘lishimiz zarur.  

Gulnora ISMOILOVA, xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi:  

— Ijtimoiy himoyani kuchaytirishda faol ishtirok etish muhim siyosiy vazifamizdir. Aytish kerakki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, aholining pensiyaga chiqishdagi kafolatli huquqlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha vazifalar belgilangan.  Shuningdek, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida "Davlat tibbiy sug‘urta" tizimini ishga solish bo‘yicha qonun qabul qilish tashabbusi ilgari surilgan.  

Yig‘ilishda ayni shu masalaga uyg‘un fikrlar, topshiriq va ko‘rsatmalarning belgilanishi barchamizni birdek quvontirdi. Zero, bu partiyamiz maqsad va g‘oyalarini amalga oshirishda bizga dasturilamal bo‘ladi.  

Yig‘ilishda aytilgan tanqidiy-tahliliy fikrlar, qo‘yilgan topshiriqlarning ijrosidan elektoratimiz vakillari to‘liq manfaatdordir. Demak, ularning ijrosi ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish, ijro organlari bilan hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘yish va amaliyotga samarali tatbiq etishda bosh-qosh bo‘lish ham kasbiy, ham insoniy burchimiz.  

Muhtarama Komilova tayyorladi.  

O‘zA