Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmandlarga 500 tonna bug‘doy tarqatildi
10:34 / 2025-06-06

Qurbon hayiti munosabati bilan Surxondaryo viloyatida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalarga donchilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlar ajratgan 500 tonna bug‘doy ikki ming oilaga topshirildi.

Qiziriq tumanidagi paxtani qayta ishlash korxonasida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, tumanlar va Termiz shahar studiyalaridan qatnashgan ishtirokchilarni muborak Qurbon hayiti bilan tabrikladi. Mazkur ezgu amalga hissa qo‘shgan saxovatpesha insonlarga chuqur minnatdorlik bildirib, ajratilgan donni har bir oilaga manzilli yetkazib berishni tayinladi.

– Fazilatli bayramda bizni yo‘qlaganlar umrini Alloh ziyoda qilsin, – deydi Oltinsoy tumanida yashaydigan Yulduz Eshqo‘ziyeva. – Davlatimizning e’tibor va g‘amxo‘rligini his etdik. Ko‘rsatilgan saxovatdan juda minnatdor bo‘ldik.  

Shu kuni ajratilgan bug‘doy mahallalarning ijtimoiy xodimlari ishtirokida ehtiyojmand oilalar xonadoniga yetkazib berildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri