Xorazmning olis va chekka hududlarida istiqomat qilayotgan, ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj, “Temir daftar” ro‘yxatida turgan fuqarolar xonadoniga quyosh paneli va quyoshli suv isitgichlar o‘rnatildi.
Buning natijasida aholining elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolari bartaraf etildi. Xonadon sohiblarining mablag‘i tejaldi.

–Davlatimiz rahbarining 2023 yil 16 fevraldagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori, unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida fondning tuman, shahar bo‘linmalari qoshida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 1 milliard so‘mdan ziyodroq pul mablag‘i hisobiga “Temir daftar” ro‘yxatida turgan, ijtimoiy himoya va yordamga muhtoj 300 ga yaqin fuqarolar xonadoniga quyoshli suv isitgich va quyosh panellari o‘rnatildi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati bo‘limi boshqaruvi raisi Altiboy Rajabov.

Tohir aka Abdullayev 1-guruh, turmush o‘rtog‘i Zaynab opa Qurbonova esa 2-guruh nogironi. Ular Xonqa tumani Paxtagul mahallasida istiqomat qiladi. Uni elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo qiynab kelardi. Tuman hokimligiga, ular orqali “Mahalla” xayriya jamg‘armasi tuman bo‘limiga murojaat qildi. Murojaat qisqa muddatda ijobiy yechim topdi. Fondning “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 9 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilib, quyosh paneli o‘rnatib berildi.
– O‘ylab qaraydigan bo‘lsak, quyosh panellari har tomonlama foydali va qulay ekan, – deydi o‘z xursandchiligini yashira olmagan Tohir aka Abdullayev. – Elektrda uzilish bo‘lsa uy shiftiga osilgan yoritgichga qarab o‘tirmas ekansan. Qolaversa, elektr energiyasiga sarflaydigan xarajat o‘z yoningda qolar ekan.
Eng muhimi Xorazmda ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj, “Temir daftar” ro‘yxatida turgan fuqarolar va ular xonadoniga quyosh panellari va quyoshli suv isitgichlar o‘rnatib berish borasidagi ishlar izchil davom etyapti.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA.