French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmandlar uyi ta’mirlandi
21:32 / 2023-08-17

Obod va tinch yurtda fayz, qut-baraka, yuksalish bo‘ladi. Saxovat, odamlar o‘rtasidagi mehr-muhabbat rishtalari mustahkamligidan ko‘ngillar obod. Bugun yildan-yilga yuksalib borayotgan O‘zbekistonimiz tinch va obod, to‘ylar to‘ylarga, bayramlar-bayramlarga ulanmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yurtimiz bo‘ylab “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bunda “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini ochib berishga, yurtdoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, bugunidan rozi bo‘lib yashash, ertasiga umid bilan boqish tuyg‘ularini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Jumladan, Mustaqillik bayrami oldidan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Obodonlashtirish oyligi” doirasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari, xayriya va saxovat tadbirlari fikrimizga bir misoldir.  

Shu kunlarda Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumanida  bo‘lgan O‘zbekiston "Mahalla" xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi Dilshodbek Usmonov boshchiligida fondning Andijon viloyati bo‘limi tomonidan bir guruh kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga zarur yordamlar ko‘rsatildi.  

"Mahalla" xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi Dilshodbek Usmonov aholi vakillari bilan uchrashuv, suhbat va muloqotlarda yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish, odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida gapirdi, ularni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi.  

[gallery-13159]

Xo‘jaobod tumani Yuksalish mahallasida yashovchi Feruzaxon Nizomiddinova kasalmand, qolaversa, oilaviy sharoiti ancha og‘ir, yashash uyi esa ta’mirtalab, atrofi ochiq, zarur sharoitlar mavjud emas edi.  

Mahalla" xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi boshchiligida F. Nizomiddinovaning xonadoni ta’mirlandi, qo‘rg‘on atrofiga devor urilib, chiroyli holatga keltirildi. Bundan tashqari, uning davolanishi uchun 2 million so‘m pul, oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, farzandlariga kiyim-bosh, o‘yinchoqlar berildi.  

– Ko‘rsatilgan e’tibor, berilgan ko‘makdan boshim osmonga yetdi, – deydi Feruzaxon Nizomiddinova. – Yaxshi insonlar ko‘magidan hayotga, ertangi kunga ishonchim ortdi, inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda yashayotganimdan qalbim g‘ururga to‘ldi. Mana shunday xayrli ishlar tashabbuskori Prezidentimizga, ezgu va xayrli ishlarni olib borayotgan barcha insonlarga mingdan-ming rahmat aytaman.  

Ushbu mahallada yashovchi ehtiyojmand Shahzodaxon Qahhorovaga ham davolanishi uchun 3 million so‘m mablag‘, oziq-ovqat mahsulotlari, nabiralariga kiyim-bosh, qiziga esa zamonaviy tikuv mashinasi berildi.  

Xo‘jaobod tumani Chimbuloq mahallasida yashovchi Xolisxon Usmonova   2- guruh nogironi, ko‘p yillardan buyon dard chekadi.  Oilaviy sharoiti og‘irligi uchun doimiy davolanishga imkoni yo‘q. Ana shu sabab fond tomonidan unga ham davolanishi uchun 3 million so‘m pul berildi.  

Mustaqillik bayram oldidan "Mahalla" xayriya jamoat fondi Andijon viloyati bo‘limi, tuman, shahar bo‘linmalari tomonidan ehtiyojmand, nogiron fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar reja asosida davom ettirilmoqda.  

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA