Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmandlar holidan xabar olindi
12:43 / 2022-06-07

Ehtiyojmand oilalarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, o‘zgalar qaroviga muhtoj kishilarni yo‘qlash “Inson qadri uchun” ezgu tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi raisi Dilshod Usmonov Namangan viloyatida bo‘lib, bir nechta xonadonlarga kirib, savobli ishlarga bosh-qosh bo‘ldi. Yo‘qlov bahona oilalarning muammolari yaqindan o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

“Mahalla” fondi tomonidan uzoq vaqtdan beri davolanayotgan bemorlar, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan va ehtiyojmand oilalarga insonparvarlik yordamlari ko‘rsatishga e’tibor qaratilmoqda.

Namangan tumanining Nurtepa mahallasida istiqomat qiluvchi Xayrullo Rustamov 2014 yilda insult bo‘lib, yotib qolgan. To‘rt nafar farzand o‘stirayotgan oila sohibining yashash sharoiti bilan tanishilgach, ushbu hovlidagi bir necha yillik tashvish, ya’ni yog‘ingarchilik bo‘lganda oqova suvni chiqarib yuborish uchun ariqlar o‘rnatish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar yuklatildi. Shu mahallada yashovchi ikkinchi guruh nogironi Abduvali Mirzaxolovning qaramog‘ida ikki nogiron farzandi bor. Qolaversa, bu oila Qirg‘iziston Respublikasida tug‘ilgan yetim bolani farzandlikka olgan. Bu oilaning moddiy sharoitini yaxshilash, daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun tikuvchilik dastgohi hamda bir martalik moddiy yordam beriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, Qoratepa mahallasi, “Nurobod” ko‘chasida yashovchi 61 yoshli 2-guruh nogironligi bor Anvarjon Nizomovning xonadoniga ham borilib, sovg‘alar va oziq-ovqat mahsulotlari berildi.

Namangan viloyatida “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi ijrosi doirasidagi xayrli tadbirlar davom etmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA