Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ehtiyojmandlar duosi bizga rag‘bat, yurtimizga fayzu barakot ulashmoqda”
09:31 / 2025-06-03

Ijtimoiy himoya

Aslida inson uchun Vatan tinchligi, ro‘zg‘ori but va sog‘ligidan ko‘ngli to‘qligi bebaho boylik. Mamlakatimiz osoyishta, yurtimiz obod bo‘lsa-da, afsuski, jamiyatda hayotning turli sinovlariga duch kelganlar ham borki, ularga yordam qo‘lini cho‘zib, ko‘maklashish, dardiga malham bo‘lish ulug‘ qadriyatga, davlatimiz belgilab olgan siyosatning muhim yo‘nalishiga aylandi. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi aholining ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand qatlamining dardini tinglab, yordam berayotgani, qarovsiz va nogironligi borlarga suyanchiq bo‘layotgani ko‘ngillarga quvonch, qalblarga sevinch ulashmoqda. Bunday xayrli ishlarni bajarish mahallalardagi ijtimoiy xodimlarning hayot mazmuniga aylanib borayotgani yurtdoshlarimizning faxr tuyg‘usini yuksaltirmoqda. 

Elning dardu quvonchi bilan yashayotgan Nigora Jumayeva Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanidagi Halqobod mahallasida ijtimoiy xodim bo‘lib ishlaydi. 4 ming 260 dan ortiq aholi yashaydigan hududda 216 oila ijtimoiy himoya milliy reyestriga kiritilgan. U har bir oila, har bir inson o‘rtaga tashlaydigan masalani o‘z muammosidek his etib yashaydigan, uning yechimini topishga chin dildan intiladigan fidoyi mutaxassis. Mahalladagi kattayu kichikka, bemoru sog‘lom insonga birdek mehribon. Shu bois ham bu go‘shada ish boshlagach, ko‘plab insonlarning ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarga oid masalalari tezda yechim topa boshladi. Odamlarning uzog‘i yaqin, mushkuli oson bo‘lib qoldi. 

– Aslida ko‘makka muhtoj insonga yordam berishdan xayrli ish bo‘lmasa kerak, – deydi Salima Mirzayeva. –Bunday kishilarning dardu tashvishini tinglasangiz, hayotga ham boshqacha ko‘z bilan qaraysiz. Ularga suyanchiq bo‘layotganingizga shukrona aytasiz. Buning uchun bizga barcha sharoit yaratib berilgan. Ana shu imkoniyatlardan foydalanib, kam ta’minlangan, yordamga muhtoj, nogironligi bor yoki og‘ir kasallikka chalingan insonlarga ko‘maklashayotganimdan, ularning duosini olayotganimdan suyunib ketaman. Odamlar uylariga yo‘l olganimda goho ehtiyojmandlar duosi bizning yanada samarali ishlashimizga rag‘bat, yurtimizga fayzu barakot ulashmoqda, degan xayolga boraman.

Ijtimoiy xodim mahallada ro‘zg‘ori but insonlarni ham, yordamga muhtoj kishilaru, betob bo‘lib qolgan odamlarni ham yaxshi biladi. Har bir oiladan tez-tez xabar olib, dardu tashvishlarini tinglaydi. Masalan, mahallada yashaydigan ijtimoiy himoyaga muhtoj Salima Mirzayeva og‘ir kasallikka chalinib, shoshilinch jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezib qoldi. Uning ahvolini chuqur o‘rgangan N.Jumayeva davolanish uchun mablag‘ yetishmayotganini ilg‘ab qoldi. Ko‘makka shoshildi. Jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun moddiy yordam ko‘rsatish yo‘llarini izladi. Yelib, yugurdi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 15 million so‘m mablag‘ ajratilishiga erishdi. 

– Bemorning operatsiyasi 7,5 soat davom etibdi, – deydi N.Jumayeva. – Shifokorlarning harakati bilan murakkab bosh miya amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazilibdi. Hozir sog‘-salomat. Oilasi bag‘rida yashamoqda. 

Fidoyi xodim Nigora Jumayeva ko‘rsatgan bu safargi ijtimoiy xizmat mahallada bir insonning og‘ir dardni yengishiga sabab bo‘ldi. Bu holatni lo‘nda qilib, mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilgan ijtimoiy tizim va tibbiyotdagi yutuqlarning hamkorlikdagi samarasi, deyish mumkin. 

Mahalladagi ijtimoiy xodim shundan so‘ng “bo‘ldi, vazifamni bajardim. Qo‘limdan kelgan yordamni ko‘rsatdim”, degan o‘y-xayollar bilan ayolni unutib yubormadi. Yordam ko‘rsatib, unga dalda bo‘lishda davom etdi. Jumladan, nogironlik guruhi belgilandi. Farzandlari uchun bolalar nafaqasi tayinlandi. Ikki nafar farzandi mahalladagi bepul to‘garaklarga jalb etildi. Yana bir farzandi maktabgacha ta’lim muassasasi navbatiga qo‘yildi. Sog‘lig‘ini tiklash uchun sanatoriy ro‘yxatiga olindi.

– Mahalladagi shu qizimizning jonkuyarligi, yelib, yugurishlari bilan sog‘aymoqdaman, – deydi S.Mirzayeva. – Uning yordami bilan oyoqqa turdim. Har safar farzandlarimni bag‘rimga olib erkalayotganimda bizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan davlatimiz va oilamizdan tinimsiz xabar oladigan mahallamizning ijtimoiy xodimi Nigoraxonni duo qilaman.

Bunday iliq, samimiy fikrlarni mahallalarda xizmat qilayotgan ijtimoiy xodimlar haqida ko‘plab eshitish mumkin. Ularning ezgulik yo‘lida ko‘rsatayotgan beminnat yordami odamlarning hayotga ishonch tuyg‘usini yanada yuksaltirib, kattayu-kichikning jamiyatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlardan rozilik hissini tuyib yashashiga xizmat qilayotgani bilan e’tiborga sazovor bo‘lmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri