Paxtaobod tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarda yashayotgan 61 nafar xotin-qizga subsidiya asosida tikuv mashinalari topshirildi.
Tumandagi 67 ta mahalla fuqarolar yig‘inida “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Tuman hokimi Azizbek Latifjonov, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi viloyat bo‘limi mutasaddilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 61 nafar ehtiyojmand xotin-qizga subsidiya asosida 90 ta tikuv mashinasi berilganligi ana shu yo‘nalishlardagi ishlardan biri bo‘ldi.
– Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Ra’noxon Ismoilova. – Tumanimizda ham bu boradagi ishlar izchil va tizimli ravishda olib borilmoqda. Natijada ko‘plab opa-singillarimizning bandligi ta’minlanmoqda, ularning doimiy daromad manbai shakllantirilmoqda.
Tumanda ko‘rsatilayotgan e’tibor va berilayotgan keng imkoniyatlar natijasida subsidiya hisobiga tikuv mashinalari olib, o‘z xonadonida tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayollar safi tobora ortmoqda.
– Tikuvchilik hunarini egallaganman, lekin tikuv mashinam yo‘qligi uchun bu ish bilan shug‘ullana olmayotgan edim, – deydi To‘pajuvoz mahallasida yashovchi Marhaboxon Bozorboyeva. – Yangi tikuv mashinasi sotib olishga esa imkonim yo‘q edi. Tuman hokimligi, oila va xotin-qizlar bo‘limi vakillari, mahallamizda ish olib borayotgan hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli sharoitimizni o‘rganib, subsidiya asosida tikuv mashinasi olishim uchun tavsiya berishdi.
Umuman, tumanda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ayniqsa, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da turuvchi ehtiyojmand ayol va qizlarning doimiy daromad manbaini shakllantirishga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA