Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmand xonadonlarga quyosh panellari o‘rnatilmoqda
09:20 / 2023-03-11

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning tashabbusi bilan hududdagi ayrim ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan 180 ta oila xonadoniga quyosh panellari o‘rnatildi.

– Ochig‘ini aytsam, yangi qurilmaning ishlashiga unchalik ishonmagan edim, – deydi Bo‘ka tumanidagi “Parkent” MFYda yashovchi Oqilaxon Jumaboyeva. – Lekin ishlashi juda qulay ekan. Asosiysi elektr energiyasi uchun to‘lovlar keskin pasaydi. Qishloqlarda elektrsiz hayot to‘xtaydi. Ayniqsa, kechagi sovuqlarda qo‘shnilarimiz bu qulayliklardan bebahra qoldi. Bizda esa uyni isitish, yoritish va telefonlarni quvvatlantirish, televizorni ishlatish imkoni bo‘ldi.  

Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan joriy yilda viloyat bo‘yicha elektr energiyasining tarmoqlar, korxonalar va hududlar kesimidagi defitsiti 242,4 million kilovatt soatni tashkil etishi hisoblangan. Bunda 1 ming 420 ta ijtimoiy soha ob’ektlari va davlat idoralari, 5 ming 167 ta aholi xonadoni, 604 ta tadbirkorlik sub’ektiga quyosh panellari o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, joylarda 12 ta kichik GESlar qurish, 72 ta ko‘p qavatli uylarga (1,43 mVt) quyosh panellari o‘rnatish, 74 ta g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonalarni hamda 1 ming 305 ta ijtimoiy soha ob’ektlarini ko‘mirga o‘tkazish kabi ishlar ham amalga oshiriladi. Hozirgacha “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ga kirgan 180 ta xonadonga mahalliy byudjet mablag‘laridan, 224 ta xonadonlar o‘z hisobi va bank kreditlari hisobidan o‘rnatdi.

E’tiborlisi, mazkur qaror bo‘yicha kam ta’minlangan xonadonlarga quyosh panellarini o‘rnatib berish uchun viloyat mahalliy byudjetidan 3 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Bu orqali har bir sektordan kam ta’minlangan va daftarlarga kiritilgan 2 tadan xonadonga quyosh panellari yoki quyosh suv isitish uskunalari o‘rnatib beriladi. O‘z navbatida ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkaziladigan 1 ming 305 ta ijtimoiy soha ob’ektlari (424 ta MTM, 694 ta maktab, 187 ta sog‘liqni saqlash)ga loyiha institutlari biriktirilgan, ularning 113 tasida loyihalash ishlari yakunlandi. Homiylar va byudjetdan ajratilgan 12,3 milliard so‘m mablag‘ hisobidan bugungacha 59 tasida qozonlar ham o‘rnatildi.

Bundan tashqari, gazda ishlovchi 59 ta issiqxonalardan 21 tasi to‘liq ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazildi, qolganlarida ko‘mirda ishlovchi qozonlar o‘rnatilishi boshlangan.

A.Musayev,O‘zA.