Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmand va nogiron fuqarolar holidan xabar olindi
12:54 / 2024-04-09

Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi huzuridagi Jamoat fondi hamda “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi hamkorligida Iydi Ramazon munosabati bilan “Saxovat karvoni” tadbiri o‘tkazildi.

Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorda xalqimiz uchun asrlar davomida ezgulik, mehr-oqibat, xayr-u saxovat, ma’naviy poklanish ayyomi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyida kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatilayotgani, barcha hududlarimizda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ehson dasturxonlari yozilib, el-yurtimizning tinchligi, baxti va kelajagi uchun duoyi fotihalar qilinayotgani bu oyning fayz-u tarovatini yanada oshirayotganligi ta’kidlangan. Shuningdek, qator tashkilotlarga Ramazon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish, ehtiyojmand, nogiron insonlarning ko‘nglini ko‘tarish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. 

– Xalqimiz tomonidan ehtiyojmand, nogiron, yakka-yolg‘iz yashayotgan insonlarga hamisha mehr-muruvvat ko‘rsatib kelingan, – deydi Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi huzuridagi Jamoat fondi rahbari Zarduna Ismoilova. – Qolaversa, Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda ana shu toifadagi insonlarni ijtimoiy, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. 

Muborak Ramazon oyida ehtiyojmandlarning ko‘nglini ko‘tarib, qolaversa, davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazilgan “Saxovat karvoni” tadbirida viloyatdagi 25 nafar ehtiyojmand va nogironligi bo‘lgan shaxs holidan xabar olindi, ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. 

– Muborak Ramazon kunlarida, hayit bayrami arafasidagi yo‘qlovdan behad mamnun bo‘ldim, – deydi Jalaquduq tumanidagi Qadaqsin mahallasida yashovchi Salimaxon To‘xtasinova. – E’tibor, ko‘rsatilgan yordam uchun mingdan ming rahmat. Saxovatpesha insonlarga Yaratganning o‘zi ikki dunyo saodatini bersin. 

Jalaquduq tumanida yashovchi Irodaxon Qo‘ldosheva, Faridaxon Mamatova, Ra’noxon Norqo‘ziyeva, Andijon tumanida yashovchi Shukrona G‘anijonova, Dilrabo Akbarova, Shahnoza Doniyorova singari opa-singillarimiz ham yo‘qlovdan xursand ekanliklarini ta’kidlab, Prezidentimizga, saxovatpesha insonlarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi. 

Hayit bayrami munosabati bilan viloyatning barcha tuman va shaharlarida yuqoridagi kabi saxovat va yo‘qlov tadbirlari davom etmoqda. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari