Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmand va imkoniyati cheklangan bolalar bepul tibbiy va protez-ortopedik buyumlar bilan ta’minlanadi
15:55 / 2021-12-16

Ehtiyojmand oilalarning farzandlarini, chin yetimlarni, og‘ir kasallikka chalingan va nogironligi bo‘lgan bolalarni davolash, ularning ta’lim olishi, uy-joy bilan ta’minlanishi hamda kasb egallashlarini qo‘llab-quvvatlash doimo davlatimiz diqqat markazida bo‘lgan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 fevraldagi «Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi, 2019 yil 22 apreldagi «Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi va Bola huquqlari bo‘yicha vakilning rolini yanada kuchaytirish va vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan 2020 yil 29 maydagi «Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 21 noyabrdagi «Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining qabul qilinishi mamlakatda ushbu sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni muayyan tartibga solishi bilan birga zarur yo‘nalishlarni ham belgilab berdi.


Prezidentimiz 2020 yilning 29 dekabrida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ehtiyojmand oilalarning farzandlari, chin yetim, nogironligi bo‘lgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tgan edi. Xususan, «Hozirgi kunda mamlakatimizda alohida e’tiborga muhtoj 18 yoshgacha
bo‘lgan 150 ming nafar farzandlarimiz bor. Ularning ta’lim olishi, aniq bir kasbni egallashi uchun ko‘maklashish, og‘ir kasallikka chalinganlarini davolash, chin yetimlarga hayotda o‘z o‘rnini topishga yordam berish, uy-joy bilan ta’minlash – nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimizdir», degan edi Prezident o‘z nutqida.


Shuningdek, davlat rahbari mazkur nutqda 2021 yilda birinchi marta byudjetdan 900 nafar
chin yetim yoshni uy-joy bilan ta’minlashga 50 milliard so‘m ajratilishi, bunday ezgu ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish uchun Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Fondga byudjetdan 100 milliard so‘m yo‘naltirish fikri jamoatchilik tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.


Ushbu tashabbus bu yilgi Davlat dasturining 152-bandida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash fondini tashkil etish vazifasi sifatida o‘z ifodasini topgan. Dasturda belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, shuningdek bolalarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2021 yilning 4 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. 
Unda quyidagilar:

Birinchidan, og‘ir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va ularga manzilli ijtimoiy hamda moddiy yordam ko‘rsatish tadbirlarini tashkil etish va moliyalashtirish;

ikkinchidan, bolalarning hayoti uchun xavf soluvchi og‘ir, surunkali hamda kam uchraydigan (orfan) kasalliklarga o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va ularni respublika yoki zarur hollarda xorijiy davlatlarda davolash uchun tibbiy, ijtimoiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha mexanizmlarini joriy etish;

uchinchidan, ehtiyojmand oilalarning farzandlari hamda imkoniyati cheklangan bolalarni bepul dori vositalari, tibbiy va protez-ortopedik buyumlar bilan ta’minlash;

to‘rtinchidan, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni ta’lim olishlarida ko‘maklashish, shu jumladan maxsus o‘quv adabiyotlar va o‘quv qurollari bilan ta’minlash;

beshinchidan, nogironligi bo‘lgan bolalarni ijtimoiy moslashtirish, ularga qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar o‘rgatish va ularni uy sharoitida o‘zini o‘zi band qilishi uchun asbob-uskunalar bilan ta’minlash;

oltinchidan, og‘ir tashxisli kasalliklari bo‘lgan bolalarni parvarish qilayotgan kam ta’minlangan oilalarni homiylikka olish;

yettinchidan, nogironligi bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, shu jumladan ularga yuqori texnologik ixtisoslashgan reabilitatsion yordam ko‘rsatishga doir tadbirlarni tashkil etish va moliyalashtirish kabi masalalar bilan shug‘ullanish jamg‘arma vazifasi sifatida belgilandi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan jamoat fondining Vasiylik kengashi tarkibi, Ekspertlar guruhi, jamoat fondi tuzilmasi, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik yordamlarini olish bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibi tasdiqlandi.

Mazkur qarorning eng e’tiborli tomoni 2024 yil 1 yanvarga qadar davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha Bolalar jamoat fondi tomonidan olib kelinadigan dori vositalari, tibbiyot uskunalari va protezlash vositalari bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinishi qayd etilgan.

Xulosa qilib aytganda, ushbu jamg‘arma saxovatpesha, qo‘li ochiq idora, tashkilotlar hamda fuqarolarning savob umidida amalga oshiradigan homiylik yordamlarini tizimli tashkil etilishi hamda maqsadli sarflanishida shaffof tuzilma sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

 

Anvarjon Mirkomilov,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi bosh mutaxassisi