Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmand oilalarga Yangi yil tuhfalari
13:55 / 2024-12-29

Ijtimoiy muhofazaga muhtoj insonlarga yordam berish xalqimizga xos milliy qadriyatlarimizdan. Yangi yil bayrami shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda bu ezgu an’ana yanada yorqin ko‘zga tashlanmoqda.

Namangan viloyatida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlarning joylardagi kam ta’minlangan oilalarga muruvvat ko‘rsatishga qaratilgan takliflari bo‘yicha, ular tuzgan ro‘yxat asosida boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi va yetim bolalari bo‘lgan 250 ta oila vakillariga shodlik ulashildi.

Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida mehrga tashna xonadon sohiblari va ularning jajji farzandlari uchun viloyat musiqali drama teatri san’atkorlari ijrosida konsert dasturi uyushtirildi. Viloyat sektor rahbarlari va xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi tomonidan 20 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari hamda Yangi yil sovg‘alari taqdim qilindi.

Viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov yig‘ilganlarni Yangi yil bayrami bilan tabriklab, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ijtimoiy siyosat natijasida viloyatda kambag‘allik darajasi 15,7 foizdan 7,2 foizga tushganligi, bugungi kunda 6 ming 122 kambag‘al oila doimiy ravishda qo‘llab kelinayotganligini ta’kidladi.

– Hayot bir tekisda davom etmaydi. Kimgadir mashaqqatli sinovlar beriladi. Buni sabot va iroda bilan yengish mumkin. Nogironligim bo‘lsada, aslo nolimayman, – deydi Uchqo‘rg‘on tumani Shovot mahallasida yashovchi Zuhra G‘ofurova. – Namangan muhandislik-qurilish institutida informatika mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldim. Tez orada yangi ishda faoliyatimni boshlayman. Yangi yil arafasida meni tuman hokimligi axborot xizmati rahbari, ustozim Rasulbek Madrahimov bayram tadbiriga taklif qildi. Ochig‘i, hozirgacha bunday shodiyonalarga bormagandim. Viloyatimiz hokimi qo‘lidan sovg‘alarni qabul qilganimdan bag‘oyat xursandman.

Bayram tadbirida bolajonlar Qorbobo va Qorqiz, turli ertak qahramonlarining chiqishlaridan zavq oldi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA