Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani Obod mahallasi hududida hozir 3 ming 196 nafar aholi istiqomat qiladi. Ushbu hududda 944 ta oila va 744 ta xonadon mavjud bo‘lib, 72 nafar fuqaro nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan.
Aholining farovonligini ta’minlash, ijtimoiy muammolarni joyida aniqlash hamda ularni individual yondashuv asosida hal etish maqsadida mahallada kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etilgan. Mazkur tizim orqali ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatilib, ularning turmush sharoitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘tgan yil davomida mahalladan 500 dan ortiq murojaat qabul qilingan bo‘lib, ularning 90 foizdan ortig‘i ijobiy hal etildi. Bu esa joriy etilgan tizimning amaliy samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash yo‘nalishida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2-guruh nogironligi bo‘lgan Shahlo Nurmatova kambag‘allik reyestrida turgan nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan. Unga noyabr oyida bir martalik bir million so‘m miqdorida gaz va elektr energiyasi to‘lovi uchun va 6 oylik moddiy yordam ajratilgan. Shuningdek, “Vaqf” jamg‘armasi orqali oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlangan hamda sanatoriyga borish uchun navbatga qo‘yilgan.
Shu bilan birga, mahalladagi Turdiali Nurmatov ham kambag‘allik reyestrida turgan va nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida sanatoriyga yuborish uchun navbatga qo‘yildi hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Bu oiladagi yana bir a’zo U.Nurmatov kambag‘allik reyestrida turgan shaxs sifatida kasb-hunarga yo‘naltirilib, hozirgi kunda elektr montaj sohasida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat yuritmoqda.
Ta’kidlash joiz, ushbu oila dastlab kambag‘allik reyestrining “qizil” toifasida bo‘lgan bo‘lsa, amalga oshirilgan manzilli yordam va qo‘llab-quvvatlash choralari natijasida bugungi kunda “yashil” toifaga o‘tkazilgan.
Bu kabi ishlar mahallada olib borilayotgan kompleks ijtimoiy xizmatlar tizimi aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan samarali mexanizm ekanini ko‘rsatadi.
Mahliyobonu Faxritdinova,
O‘rta Chirchiq tumani Obod mahallasi ijtimoiy xodimi.
O‘zA.