Olmaliq shahri “Yangi hayot” mahallasidagi kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Maftuna Hamzayeva faoliyatini boshlaganiga bir yil bo‘ldi. Shu qisqa vaqt ichida u 60 dan ortiq oilaga yordam qo‘lini cho‘zib, ehtiyojmand fuqarolarga tegishli tartibda ko‘mak berishga ulgurdi.
Hozirgacha uning hokim yordamchisi bilan hamkorlikdagi sa’y-harakatlari orqali sakkiz nafar nogironligi bor fuqaro ish bilan ta’minlandi. Ular orasida mazkur mahallaning Ibn Sino ko‘chasida yashovchi Miraziz Umrzoqov ham bor.

M.Umrzoqov ilgari uzoq vaqt davomida uyidan ancha olisda bo‘lgan zavodda ishlagan, ammo, oilasiga vaqt ajratishga imkoni bo‘lmagandi. Ko‘p vaqti yo‘lda o‘tgan, shu sababdan oilaviy munosabatlar, farzandlari bilan vaqt o‘tkazish, ularni tarbiyalashda qiynalgan. Ammo, mahallasidagi kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimning ko‘magi bilan u faqat ish bilan ta’minlanib qolmay, balki hayotida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi.
Bugungi kunda u Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida o‘z mehnati bilan oilasiga tayanch bo‘lib kelmoqda. Shuningdek, Miraziz adaptiv sport bilan shug‘ullanib, uning faolligini oshdi, yangi imkoniyatlarga yo‘l ochdi. Shuningdek, u uyida IT yo‘nalishida ham ishlab pul topishi va shu soha bo‘yicha to‘garak ochish niyatida.

A.Musayev, O‘zA