Buxoro tumani Dexcha mahallasida 7908 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada 120 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs, 35 ta oila “Kambag‘al oilalar reyestri”da, 48 ta oila esa “Yagona ijtimoiy himoya reyestri”da ro‘yxatga olingan.
Aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida isitish mavsumida 106 ta ehtiyojmand va kambag‘allikka tushish xavfi yuqori bo‘lgan oilalarga 1 million so‘mdan bir martali moddiy yordam ajratildi.

Nafisa Rahmatova 2-guruh nogironi. 2025 yilda “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan Nafisa opa bugungi kunda davlat va homiylar ko‘magida o‘z hayotini yangidan yo‘lga qo‘ymoqda. Mahalla ijtimoiy xodimining amaliy yordami bilan unga bola nafaqasini tayinlashda ko‘mak berildi, hamda dori-darmon xarajatlari uchun moddiy yordam ajratildi. Bundan tashqari, homiylik asosida tikuv mashinasi va “Averlo” uskunasi olib berildi. Hozirda Nafisa Rahmatova o‘z xonadonida tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, gaz va elektr to‘lovlarini qoplash uchun 1 million so‘m miqdorida bir martali moddiy yordam ham ajratildi.
Mahalladagi ijtimoiy himoya ishlari aholining real ehtiyojidan kelib chiqib, manzilli yondashuv asosida tashkil etilayotgani bu kabi misollar orqali yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.