Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berilmoqda
14:44 / 2025-06-26

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” davlat dasturi doirasida mamlakatimiz bo‘ylab ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator ijobiy ishlar olib borilmoqda.

Joylarda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi sa’y-harakatlar ham viloyat rahbarlarining doimiy diqqat markazida. Masalan, Toshkent viloyati va tuman-shahar darajasidagi rahbar-xodimlarga jami 7 ming 590 ta kambag‘al oila biriktirilgan. Ular belgilangan tartibda mavjud muammolarni ijobiy hal qilish choralarini ko‘rmoqda. Shunday ezgu tashabbuslardan biri Bo‘ka tumani Ezgulikka mahallasida yashovchi Alima Almatovaning hayotida ham o‘z ifodasini topdi. 

Bu oila Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonovga biriktirilgan. Ko‘rsatilgan amaliy yordamlar tufayli bugun bu xonadonda farovonlik, xotirjamlik va baraka hukm surmoqda. Oilaga qarashli tomorqada bu mavsum kartoshka hosili mo‘l bo‘ldi. Shu bilan birga, yangidan qurilgan issiqxonaga esa erta bahorda ekilgan pomidor ko‘chatlari hosilga kirdi. Oilaga bir bosh sog‘in sigir olib berilib, hozirda uning soni uch boshga yetgan.

– Ko‘rsatilgan barcha yordamlar uchun cheksiz rahmat aytaman. Nabiralarim bog‘chaga joylashtirildi, nogironlik guruhi olish bo‘yicha yordam berildi, o‘g‘lim va o‘zimning davolanishida ham befarq qarashmadi. Har tomonlama ko‘mak berildi. Bu tashabbuslar oilamizda umid uyg‘otdi, yashashga ishonch bag‘ishladi, – deydi Alima Almatova. 

Ta’kidlash lozim, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” tashabbusi chinakamiga xalqimiz turmush tarzini yaxshilash, ehtiyojmand fuqarolarni jamiyat hayotiga faol jalb qilishda katta o‘rin tutmoqda. 

A.Musayev,O‘zA.