Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
Prezidentimizning joriy yil 16-fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ushbu oyni “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” g‘oyasi asosida chiroyli o‘tkazish, xalqimizga xos insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish yuzasidan qator vazifalar belgilangan.

Ana shu vazifalar ijrosi doirasida Andijon shahrining Yangi Andijon, Sadoqat, Bobosa’din, Obod, Iqbol, Mirpo‘stin, Ahmad Yassaviy, O‘zbekiston, Do‘stlik, Sho‘rbuloq, Bog‘i Eram, Ozodlik, Navro‘z mahallalarida yashovchi kam ta’minlangan, ijtimoiy ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand oilalar vakillari uchun iftorlik dasturxoni yozildi.

Saxovatpesha insonlar – tadbirkorlar homiyligida tashkil etilgan tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Andijon viloyati hududiy bo‘limi raisi Nuriddin Rajabov va boshqalar ishtirokchilarni ramazoni sharif bilan muborakbod etib, o‘tkazilayotgan tadbirlar odamlar o‘rtasida muruvvat, mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlashga, jismoniy imkoniyati cheklangan, ehtiyojmand insonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu amallar ekanligini ta’kidladi.
Xayriya tadbiri ishtirokchilariga O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Andijon viloyati hududiy bo‘limining sovg‘a-salomlari topshirildi.
Iftorlikda qatnashgan nuroniylar tadbir tashkilotchilarga, homiylarga minnatdorlik bildirib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini tilab duolar qildi.
F.Ubaydullayev, O‘zA.