French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmand oilalarga daraxt ko‘chatlari bepul yetkazilmoqda 
16:46 / 2024-04-02

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-mart kuni «Yashil makon» loyihasi va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida joylarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Xususan, hududlarda bog‘lar yaratish, «yashil belbog‘lar» barpo etish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi boshlab yuborilgan. 

Jumladan, Prezident Xalq qabulxonasi rahbariyati tashabbusi bilan joylarda «Xalq qabulxonalari bog‘»lari yaratilmoqda.

Misol uchun, Qashqadaryo viloyati hokimligi, o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi hamkorligida Qarshi shahridagi 7 gektar bo‘sh maydonda «Xalq qabulxonasi bog‘i»ni tashkil etishga kirishildi. Buning uchun chinor, eman, arg‘uvon, qarag‘ay, hind sireni, pavlovniya, akatsiya kabi 12 turdagi 2,5 ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari keltirildi. Ko‘pning kuchi birlashib, qisqa vaqtda 5 gektar yerga 2,5 ming tup daraxt ko‘chatlari ekildi, hududdagi mavjud sug‘orish tizimi ham yangilanyapti.

Shuningdek, Toshkent viloyati Prezident Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan 1 gektar maydonga 300 tup archa, 150 tup manzarali va 500 tup mevali (olma, olxo‘ri, gilos, o‘rik, anjir, yong‘oq) daraxt ko‘chatlari ekilib, katta bog‘ yaratildi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan esa sektor rahbarlari hamda davlat idora va tashkilotlari xodimlari hamkorligida Amudaryo tumanidagi «To‘lqin», «Choyko‘l», «Qipchoq», «O‘rta qal’a» OFYlari va Uyshin, Daryo bo‘yi, Beshtom mahallalarining yo‘l bo‘ylariga 3 mingdan ziyod mevali va manzarali daraxtlar ekildi.

Aynan shunday xayrli ishlar Buxoro viloyatida ham amalga oshirildi. Jumladan, Kogon, Jondor va Romitan tumanlarida 2 gektardan oshiq yerda «Xalq qabulxonasi bog‘»lari tashkil etildi. Prezident Xalq qabulxonasi, sektor rahbarlari, jamoat faollari bilan hamkorlikda 13 mingga yaqin manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari, uzum toklari ekildi. Kelgusida viloyatning boshqa hududlarida ham yana 4 mingta manzarali va 5 mingta mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish rejalashtirilgan.

Ushbu ko‘kalamzorlashtirish va bunyodkorlik ishlarida yuzlab mas’ullar, nuroniylar, yoshlar, ishchilar, ko‘ngilli hasharchilar faol ishtirok etdi. Bu kabi "Xalq qabulxonasi bog‘lari"ning yaratilishi barcha hududlarda davom etmoqda. 

Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev tashabbusi bilan yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Jumladan, yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan yuzlab ehtiyojmand xonadonlarga tomorqadan samarali foydalanishga ko‘maklashish maqsadida minglab mevali daraxt ko‘chatlari bepul yetkazib berildi.

Xususan, Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 500 ga yaqin ehtiyojmand oilaga 3 mingdan ziyod ko‘chatlar (olma, gilos, olcha, tut) yetkazib berilib, o‘sha kunning o‘zida ekish ishlari boshlab yuborildi. Bundan tashqari, Prezident Xalq qabulxonasi rahbariyati homiyligida keltirilgan 7 mingdan ortiq tut ko‘chatlari tumanlar kesimida taqsimlanib, joylarga yetkazib berildi. 

Misol uchun, Ko‘kdala tumanida yashovchi 30dan ortiq ehtiyojmand oila xonadoniga 500 dan ziyod ko‘chat olib kelinib, tuman Xalq qabulxonasi va «mahalla yettiligi» xodimlari tomonidan fuqarolarning tomorqalariga ekilishi ta’minlandi. 

Toshkent viloyati Xalq qabulxonasi tomonidan «Yashil makon» dasturi doirasida Nurafshon shahar «Evalak» MFYda yashovchi ijtimoiy holati og‘ir bo‘lgan Baxtiyor Hayitovning xonadoniga 90 dona terak, 30 dona anor, olxo‘ri mevali daraxt ko‘chatlari ekib berildi. 

Angren shahrida yashovchi Ozoda Mahmudovaning tomorqasiga ham 100 dona terak, 10 dona mevali daraxt, 80 dona gul va rayhon ko‘chatlari ekildi. 

Prezident Xalq qabulxonasi jamoasining bu boradagi xayrli ishlari davom etmoqda. 

Mansur ABDUSATTOROV.

O‘zA