Bugungi kunda mamlakatimizda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Andijonda fermerlar tomonidan 45 ming ehtiyojmand oilaga bepul bug‘doy va presslangan somon tarqatilganligi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
Shu kunlarda Andijon viloyatida bug‘doy o‘rimi yakuniga yetdi. Viloyatdagi aksariyat fermer xo‘jaliklari g‘alladan mo‘l hosil olib, davlatga don topshirish bo‘yicha belgilangan rejani ortig‘i bilan ado etdi. Bu fermer xo‘jaliklarini iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Fermerlar har bir ehtiyojmand oilaga o‘z hisobidan 100 kilogrammdan bug‘doy, 30 donadan somon-press tarqatish va dehqonchilik qilaman degan fuqarolarga bug‘doydan bo‘shagan yerlardan 10-15 sotixdan yer berish tashabbusi bilan chiqdi.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari mutasaddilari tomonidan ro‘yxatga olingan 45 mingga yaqin fuqarolarning talablari inobatga olinib, ulardan 19 ming 5 nafariga 10 sotixdan yer, 11 ming 726 nafariga 100 kilogrammdan bug‘doy, 14 ming 234 nafariga 30 donadan presslangan somon tarqatildi.

– Fermerlarning saxovati, tashabbusidan ko‘nglimiz ko‘tarildi, – deydi Baliqchi tumani To‘da mahallasi, Bahor ko‘chasida yashovchi Adolatxon Umarova. – Berilgan 100 kilogramm bug‘doy oilamiz byudjetiga ancha yordam bo‘ladi. Bundan tashqari, ajratib berilgan 10 sotix maydonda dehqonchilik qilib, yana daromad olishimiz mumkin. Oddiy odamlarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor har bir inson qalbiga shubhasiz, ezgulik urug‘ini qadaydi.

Darhaqiqat, birgina Baliqchi tumanida ijtimoiy reyestrda turuvchi 2 ming nafar fuqaroga 100 kilogrammdan 200 tonna bug‘doy, 1 ming 200 nafariga 10 sotixdan 120 gektar takroriy ekin uchun yer maydoni ajratildi. Shuningdek, ehtiyojdan kelib chiqib, 799 nafar fuqaroga 30 tadan jami 23 ming 970 dona presslangan somon tarqatildi.
Fermerlar tashabbusi bilan Andijon viloyatining barcha tumanlarida olib borilayotgan ushbu xayrli sa’y-harakat ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, turmush farovonligini oshirish va kambag‘allikni kamaytirishga xizmat qiladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari